Suriyadagi muxolifat kuchlari xalqaro koalitsiya samolyotlari yordamida IShID jangarilarini mamlakat shimoli-sharqidagi Al-Shadadi shahridan surib chiqargan.
Suriyada muxolifat kuchlaridan biri hisoblanadigan Suriya demokratik armiyasi bu shaharda va uning atrofidagi qishloqlarda nazoratni qo‘lgan olgan.
Al-Shadadi IShID uchun muhim strategik nuqtalardan biri bo‘lgani aytilgan. Jangarilar bu yerda logistik markaz tashkil qilishgandi.
Bu shahar orqali Iroqning Mo‘sul va Suriyadagi Raqqa shaharlariga yordam kuchlari hamda qurol-yarog‘ yetkazib berilgan.
Buyuk Britaniyadagi "Inson huquqlari bo‘yicha Suriya markazi"da qayd etilishicha Al-Shadadi IShID uchun jiddiy yo‘qotish bo‘ldi.
Al-Shadadini olish bo‘yicha janglar joriy haftaning payshanba kunida boshlangan. O‘sha kuni AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya shahar ustiga bomba yog‘dirishni boshlagandi.
Huquq himoyachilari ma'lumotlariga ko‘ra, bu zarbalarning bir qismi shaharda tinch aholi vakillari istiqomat qiladigan hududga to‘g‘ri kelgan. Bu hujum tufayli tinch aholi vakillaridan kamida 15 kishi halok bo‘lgan.