Qozog‘iston milliy parlamentining quyi palatasi – Majilisga deputatlar saylash bo‘yicha siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqot kampaniyasi boshlanmoqda. Majilisda o‘ringa ega bo‘lish uchun mamlakatda qayd qilingan 7 partiyadan 6 tasi kurashni boshladi, bu partiyalar: "Nur Otan" ("Vatan nuri"), Qozog‘iston kommunistik xalq partiyasi, "Ak jol" ("Oq yo‘l") demokratik partiyasi, "Birlik" partiyasi, Umummilliy sotsial-demokratik partiya va Xalq-demokratik vatanparvarlik partiyasi "Auyl" ("Ovul").
Partiya ro‘yxatlariga kiritilgan nomzodlarning umumiy soni 234 nafarni tashkil qildi. Nomzodlarning o‘rtacha yoshi 52 yoshni tashkil qildi, eng yosh nomzod esa 26 yoshda. Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasida ma'lum qilinishicha, nomzodlardan 187 nafarini (79,9 foiz) erkaklar va 47 nafarini (20,1 foiz) ayollar tashkil qilmoqda. 233 nafar nomzod oliy ma'lumotga ega. Nomzodlardan har to‘rtinchisi muhandis, har beshinchisi iqtisodchi yoki huquqshunos. Barcha nomzodlar qonunchilik va konstitutsiya talablariga mos kelish bo‘yicha tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tganlar.
Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, tashviqot OAV, tashviqot materiallarini chiqarish va turli tadbirlarni o‘tkazish orqali olib borilishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasi raisi Kuvondiq Turg‘anqulovning aytishicha, "tashviqot paytida partiyalar va nomzodlar tomonidan mitinglar, namoyishlar va boshqa saylovoldi tadbirlarini tashkil qilish va o‘tkazishga ruxsat beriladi". Turg‘anqulov bunday tadbirlar ular o‘tkazilishidan 10 kun oldin hokimiyatning mahalliy ijroiya organlari bilan kelishilgan bo‘lishi kerakligini eslatib o‘tdi.
Turg‘anqulovning aytishicha, mahalliy hokimiyat organlari tashviqot materiallarini joylashtirish uchun joylar bilan ta'minlash hamda kelishilgan asosda nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashish joyini taqdim qilishi kerak. Bunday joylarni taqdim qilish sharoitlari barcha partiyalar va nomzodlar uchun yagona va bir xil bo‘lishi kerak.
Nomzodlarning tashviqot bilan bog‘liq barcha sarf-xarajatlari saylov jamg‘armalari tomonidan qoplanishi kerak. Hozirda 6 ta partiyaning saylov jamg‘armasiga 519 mln 132 ming tanga (1,4 mln dollar) kelib tushgan.
Qonunchilik talablariga ko‘ra, saylovoldi tashviqoti saylov kunidan avvalgi kun soat 0:00 da yakunlanadi. Shu ondan boshlab har qanday saylovoldi tashviqoti taqiqlanadi.