Joze Mourino: Men o‘zimga jamoa izlamayman, ular meni izlashadi

Sport 09:52 / 20.02.2016 3428

Portugaliyalik mutaxassis Joze Mourino o‘zining Italiyaning «Inter» jamoasiga o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

«Men Milanda faqat 1 kunni o‘tkazdim. «Inter» prezidenti Massimo Morattidan minnatdorman. Men 2010 yilda «Inter»dan ketganman va o‘tgan vaqt ichida «Real» hamda «Chelsi»da ishlab, u bilan suhbatlashishga vaqt topmagandim. Endi esa u bilan uchrashishga imkon tug‘ildi.

Biz u bilan tushlik qilamiz va keyin «San-Siro»ga jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun («Sampdoriya»ga qarshi 26 tur o‘yini) boramiz. Menda bu stadiondan juda ajoyib xotiralar qolgan.

Men aniq aytishim mumkinki, yangi mavsumda bu jamoani boshqarish niyatida emasman. «Inter»da ayni vaqtda Erik Tohir va Roberto Manchini yangi loyiha bo‘yicha ishlashmoqda. Men ularning g‘oyalarini to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Umid qilamanki, ular omadga erishishadi. Men «Inter»dagilarni yana xursandchiliklar og‘ushida ko‘rishni istayman. Albatta bunday kunlar keladi.

Mening yangi ish joyim haqida so‘rayapsizmi? Men hali o‘zim bilmayman buni. Lekin futbolni sevaman va murabbiyli faoliyatimga albatta qaytaman.

Barcha jamoalarni va ularning murabbiylarini hurmat qilaman. Men o‘zimga jamoa izlab Italiyaga kelganim yo‘q. Axir jamoalar o‘zi meni taklif qilib chiqishadi», deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Football Italia nashri.

Bundan oldinroq, milanliklarning sobiq prezidenti, hozirda aksiyadori hisoblanadigan Massimo Moratti Mourinoni «Inter» va «Sampdoriya» o‘yini birga ko‘rishga taklif etgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etish kerakki, Mourinoning o‘zi faoliyatini Angliyada davom ettirish istagini bildirgan va u yozda «Manchester Yunayted» jamoasida ish boshlashi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: