Angliyaning «Lester» klubi hujumchisi Jyeymi Vardi o‘zi haqida film suratga olish rejalashtirilayotganini tasdiqladi. Futbolchi filmda uni Vinni Jons o‘ynashidan umidvor ekanini ham ta'kidlab o‘tdi.
«O‘ylashimcha, men haqimda rostan ham film suratga olishmoqchi. Bu borada barcha qartalarni ochib tashlasam g‘alati bo‘ladi. Ammo film suratga olinishi rejalashtirilayotganini aytishim mumkin. Unda meni obrazimni Vinni Jons o‘ynashini istardim», - deya Vardining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Sky Sports.
Eslatib o‘tamiz, Vinni Jons futbolchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1988 yilda «Uimbldon» safida Angliya kubogida zafar quchgan futbolchi, asosan maydondagi o‘ta qo‘pol harakatlari va mojarolari bilan yodda qolgan. Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Jons aktyor sifatida faoliyat ko‘rsata boshlagan. Uning ijrosidagi «Qarta, pul, ikki stvol», «Ulkan cho‘mich», «Iks odamlari: so‘nggi jang» kabi mashhur filmlar suratga olingan.
"Gol" filmi ijodkorlari Jyeymi Vardining hayotini kino qilishmoqchi