AQSh Iroq va Suriya hududida IShID jangarilariga qarshi harbiy amaliyotlarda ishtirok etayotgan B-1B Lancer rusumli bombardimonchi samolyotlarini ortga chaqirib oladi. Bu haqda AQSh Qurolli kuchlari tarkibidagi harbiy amaliyotlar o‘tkazayotgan Harbiy havo kuchlari bo‘limiga mas'ul general-leytenant Charlz Braunga asoslanib, Military.com sayti xabar bergan.
Uning aytishicha, B-1B Lancer samolyotlari noma'lum vaqtgacha Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etmaydi. Samolyotlar uchuvchilar kabinalarini modernizatsiya qilish maqsadida AQShga qaytarilmoqda. Kerakli ishlar amalga oshirilganidan so‘ng samolyotlar yana Yaqin Sharqqa jo‘natiladi.
"Biz B-1B Lancer samolyotlarini ortga qaytaramiz, lekin boshqa samolyotlarimiz kampaniyada ishtirok etishda davom etadi. Bu samarali faoliyatga ta'sir ko‘rsatishi mumkin, lekin keyinroq yanada samarali ishlashni ta'minlash uchun shunday qilmoqdamiz", degan general-leytenant.