Aktyor Morgan Friman Hillari Klinton nomzodini qo‘llab-quvvatlashini aytdi

Jamiyat 09:49 / 20.02.2016 2947

AQShlik taniqli aktyor Morgan Friman Hillari Klintonning AQSh prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi. "Oskar" sovrindori bo‘lgan aktyor bu haqda CNN telekanali efirida aytib o‘tdi.

Aktyor Klintonni ishonch bilidirishga munosib nomzod ekanligini va uni mamlakat prezidenti sifatida ko‘rishni istashini aytdi. Frimanning aytishicha, Klintonning siyosiy raqiblari u haqda turli bo‘hton ma'lumotlarni tarqatib, uning obro‘sini to‘kishga urinmoqdalar. "O‘ylaymanki, bularning barchasi uydirma, bu bari siyosiy safsata", deb ta'kidlab o‘tdi Friman.

19 fevralda ovozi AQShda yaxshi tanish bo‘lgan aktyor Klintonning tashviqot roligiga ovoz berdi. Bu rolikda Klintonning xayriya faoliyati, Janubiy Karolina shtatidagi jamoatchilik ishidagi ishtiroki, Alabama va Texas shtatlaridagi irqchilikka qarshi say'-harakatlari haqida so‘zlangan. Siyosiy sharhlovchilarning ta'kidlashicha, bu rolik va Friman tomonidan ijobiy baho Klintonga AQShning etnik va irqiy kamchiligiga mansub bo‘lgan saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashini olishiga yordam berishi mumkin.

Klintonga bu ko‘mak ayniqsa 20 fevralda Nevada shtatida va 27 fevralda Janubiy Karolina shtatida AQSh Demokratik partiyasining partiya faollari yig‘ilishida juda asqatishi mumkin. Nevadada lotin amerikalik saylovchilar, Janubiy Karolinada esa afroamerikalik saylovchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Klintondan tashqari, saylovoldi poygasida demokratlar nomidan Vermont shtatidan senator Berni Sanders ham ishtirok etmoqda. Demokratik partiyaning saylovoldi qurultoyi 2016 yilning 25-28 iyulida Filadelfiya shahrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Aynan shu qurultoy natijalariga ko‘ra partiya nomidan prezidentlik saylovlarida ishtirok etadigan rasmiy nomzod nomi e'lon qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: