Xokkeychi Aleksandr Ovechkin Putin va Shoygu tasviri tushirilgan futbolkada ko‘rindi

Jahon 21:35 / 19.02.2016 3244

"Vashington Kepitals" xokkey klubi va Rossiya terma jamoasi hujumchisi Aleksandr Ovechkin 20 fevralda germaniyalik bokschi Feliks Shturm bilan jang qiladigan rossiyalik charm qo‘lqop ustasi Fyodor Chudinovga qo‘llab-quvvatlash so‘zlarini yo‘lladi.

30 yoshli xokkeychi Chudinovga yo‘llangan videomurojaatni Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasida chop etdi. Bunda Ovechkin "Fenerbaxche"ga qarshi o‘yindan keyin Putin surati tushirilgan futbolkasini namoyish qilgan "Lokomotiv" futbolchisi Dmitriy Tarasovdan ham o‘tib ketib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va mudofaa vaziri Sergey Shoyguning rasmi tushirilgan futbolka kiygan holda ko‘rinish berdi.

"Barchaga salom! Bu Aleksandr Ovechkin. Men ertangi jangda o‘zining chempionlik unvonini himoya qiladigan Fyodor Chudinovni qo‘llab-quvvatlamoqchiman. Unga g‘alaba, omad tilab qolaman va shuni bilishini istayman: butun Rossiya unga muxlislik qiladi", deb aytdi Ovechkin.

20 fevralda 28 yoshli rossiyalik bokschi WBA versiyasi bo‘yicha ikkinchi o‘rta og‘ir vazn toifasidagi o‘zining chempionlik unvonini Germaniyaning Oberxauzen shahrida Shturmga qarshi jangda himoya qiladi.

2015 yilning 9 mayida Chudinov bu unvonni aynan Shturmga qarshi jangda ochkolar bo‘yicha qo‘lga kiritgandi.

Chudinov professional boksda hammasi bo‘lib 14 ta jang o‘tkazgan va ularning barchasida g‘alaba qozongan.

Eslatib o‘tamiz, Moskvaning "Lokomotiv" klubi futbolchisi Dmitriy Tarasov Yevropa Ligasining 1/16 bosqichida Turkiyaning "Fenerbaxche" klubiga qarshi o‘yindan keyin maydonda Putin rasmi tushirilgan futbolkasini namoyish qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: