Shu kunlarda bir guruh o‘zbekistonlik tadbirkorlar Yevropa kompaniyalarida malaka oshirishmoqda. Bu hakda 1news.uz yangiliklar agentligi rahbari Shuhrat Oripov kun.uz uchun Afinadan xabar bermoqda.
Malaka oshirish tadbirlari O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Yevropa Ittifoqi hamkorligida 2013 yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan "Boshqaruv kadrlarini tayyorlash Dasturi - O‘zbekiston kichik va o‘rta biznes korxonalari rahbarlarining salohiyatini mustahkamlash" loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi - kichik va o‘rta biznes korxonalarini samarali boshqarish uchun yuqori malakali tadbirkorlar va menejyerlar sonini oshirish (inson kapitalini rivojlantirish) va ularning uzoq muddatli jadal rivojlanishini ta'minlab berishdan iborat.
Shu kungacha loyiha doirasida 100 ga yaqin tadbirkor malaka oshirish uchun tanlab olindi. Ularning bir guruhi fevral-mart oylari davomida Yevropa kompaniyalarida bo‘lishib, yevropalik hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashadi, zamonaviy boshqaruv usullarini va ish yuritish shakllarini o‘rganishadi. Bu esa mamlakatimiz ishbilarmonlariga Yevropadagi korxonalar bilan aloqalar o‘rnatish va o‘z raqobatbardoshligini, biznes yuritish ko‘nikmalarini oshirishga ko‘maklashadi.