O‘tgan yilning oktabridan buyon “vaqtinchalik propiska” yopilgani, ko‘plab fuqarolar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishni so‘rab odatdagidek ichki ishlar organlarining o‘zlari yashayotgan hududga biriktirilgan profilaktika inspektorlariga murojaat qilishsa, rad javobini olishayotgani, bu holat qachongacha davom etishi ham noma'lumligi haqida gap-so‘zlar tarqalgandi.
Qayd etish kerakki, 2015 yilning noyabr oyida Toshkent shahrida viloyatdan kelgan fuqarolarni vaqtinchalik propiska qilish tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilayotganligi sabab bir muddat to‘xtatib qo‘yilgan edi.
Fevral oyi boshida Toshkent shahriga viloyatlardan kelib ishlayotgan fuqarolar “vaqtinchalik propiska” yana ochilgani va tuman pasport stollarida qo‘yib berilayotgani haqida ayta boshlashdi.
Tafsilot.uz sayti Yagona portal orqali O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlari vaziriga ushbu masala yuzasidan bir nechta savollar bilan murojaat qilgan.
Murojaatga IIVning Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Badridin Shorixsiyev imzosi bilan javob olindi.
Javob xatida qayd etilishicha, chindan ham Ichki ishlar vazirligining “Fuqaroni Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risida”gi me'yoriy hujjatlarga qo‘shimcha o‘zgartirish kiritilishi munosabati bilan 2015 yilning 25 oktabr kunidan buyon fuqarolarni turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga olish vaqtinchalik to‘xtatilgan. Biroq bugungi kunga kelib “vaqtinchalik propiska” ochilgan va fuqarolarni doimiy yashash joyidan propiskadan chiqarmasdan Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha 5 kunda 6 oygacha muddatga shahar, tuman IIB Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘lim (bo‘linma)lari (xalq tilida “pasport stoli” deb ataluvchi idora) tomonidan amalga oshirilmoqda.
“Vaqtinchalik propiska”, ya'ni fuqaroni Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
1) IIV tomonidan belgilangan namunadagi ariza;
2) Fuqaroning pasporti yoki harbiy xizmatchining guvohnomasi;
3) Fuqaro yaqin qarindoshlarini (ota-ota farzandlarini, farzandlar ota-onasini, er xotinini, xotin erini) vaqtincha ro‘yxatga qo‘ydirayotgan bo‘lsa, mulk egasining notarial tasdiqlangan arizasi (rozilik xati);
4) Agar begona shaxslar vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yilayotgan bo‘lsa, ijara shartnomasi;
5) Uy egasining pasporti nusxasi;
6) Uyning kadastr hujjatlari;
7) Uyga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi (oldi-sotdi yoki hadya shartnomasi, Davlat orderi, meros guvohnomasi, hokimlik qarori va hokazo);
8) Agar er xotinining, xotin erining uyiga vaqtincha ro‘yxatga qo‘yilayotgan bo‘lsa, nikoh tuzilgani haqidagi guvohnomaning nusxasi (shuningdek, ushbu hujjatning asli ham ko‘rsatiladi);
9) Bolalarni ro‘yxatga qo‘yish uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarining nusxalari (shuningdek, ularning asli ham ko‘rsatiladi) hamda 3,5 x 4,5 hajmdagi 2 dona fotosurat. Voyaga yetmaganlar faqatgina ota-onalari bilan birga propiska qilinadi;
10) Davlat boji to‘langanligi haqidagi kvitansiya (Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi 533-sonliqarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ro‘yxatdan o‘tkazganlik va chiqarganlik uchun, shuningdek turgan joyi bo‘yicha hisobga qo‘yish uchun eng kam ish haqining 2 foizi miqdorida davlat boji undiriladi. Ayni paytda bu bir kishi uchun 2604 so‘m 80 tiyinni tashkil etadi);
11) Alohida hollarda zarurat tug‘ilsa boshqa tasdiqlovchi hujjatlar ham talab etilishi mumkin.
Rasman “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi” deb yuritiladigan, oddiy xalq “vaqtinchalik propiska” deb ataydigan hujjat respublikaning boshqa hududidan kelib, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishlayotgan yoki o‘qiyotganlar uchun katta ahamiyatga ega hujjatlardan biridir.
Amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlar talabiga ko‘ra, fuqarolar poytaxt shahri va viloyatida hisobga turish uchun kelgan kunidan boshlab besh kun muddatda o‘zi vaqtincha turgan joydagi militsiya tayanch punktiga belgilangan tartibda murojaat etishi kerak. Bu talabning bajarilmasligi ma'muriy javobgarlikka tortilish uchun asos bo‘ladi.
Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning “Pasport tizimi qoidalarini buzish” deb nomlanuvchi 223-moddasida belgilanishicha, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashi — eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda; pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas'ul bo‘lgan shaxslarning vaqtincha yoki doimiy propiskasiz, turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashiga yo‘l qo‘yishi, shuningdek, fuqarolarning o‘z turar joylarida pasportsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo‘l qo‘yishi — eng kam ish haqining uch baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda; vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilish — mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.