BMT Xavfsizlik kengashi yopiq yig‘ilishda Turkiyaning Suriyaga qo‘shin olib kirish rejasini muhokama qiladi. Bu haqda BMTdagi manbaga iqtibos keltirgan holda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.
Manba ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan chaqirtirilgan yig‘ilish boshlanishi Toshkent vaqti bilan 20 fevralda soat 01:00 ga belgilangan.
Avvalroq 19 fevralda Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiya Suriya-Turkiya chegarasidagi vaziyatning keskinlashgani va Turkiyaning Suriya shimoliga qo‘shin olib kirish rejasi sababli BMT Xavfsizlik kengashining yig‘ilishini chaqirtirganini ma'lum qilgandi.
Turkiya Suriya shimoliga, Saudiya Arabistoni esa janubiga qo‘shin olib kirmoqchi, deb xabar berdi 19 fevralda Financial Times nashri. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh Anqara va Ar-Riyodni Suriyadagi jangovar harakatlardan qaytarib qolishga urinmoqda, NATO esa Rossiya qurolli kuchlari harakat qilayotgan mamlakatda Turkiya qo‘shinlarining joylashtirilishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.