18 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari uchun AKT sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Alisher Fayzullayev, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining (TATU) rektori O‘tkir Hamdamov va Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori (IUT) Sherzod Shermatovlar ishtirok etishdi.
IUT rektori Sherzod Shermatov taqdimoti davomida universitet qoshidagi Innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyalari markazi ochilgani haqida ma'lumot berdi.
Markaz universitetning ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyatini oshirish, ilmiy ishlanmalarning hayotga tatbiq etilishi yuzasidan hamkorlik qilish, universitet talabalarini dasturiy mahsulotlar yaratishga jalb qilish, ilg‘or g‘oyalarni ichki va xalqaro bozorga olib chiqishni rag‘batlantirish orqali ularning ilmiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etishlariga ko‘maklashadi.
Markaz mahalliy va xalqaro kompaniya, tashkilotlar bilan hamkorlik qilib, AKT sohasida muhim loyihalarni amalga oshiradi. Muhim jihati shundaki, bu loyihalarni ishlab chiqishga Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari jalb qilinadi.
Tadbir davomida IUT talabalari tomonidan yaratilgan bir qator mahsulotlarni ham ishtirokchilarga taqdim etildi.