Eron hukumati O‘zbekistonga Tehrondagi “Imom Xomayni” aeroporti orqali yuklarni olib o‘tish imkoniyatini beradi. Bu haqda Eronning O‘zbekistondagi elchisi Baxman Agarazi Dormani ma'lum qilgan.
"Yaqinda Tehronda o‘zbek aviaxizmati vakillari bilan “Navoiy” va “Xomayni” xalqaro aeroportlari o‘rtasida yuk olib o‘tishni yo‘lga qo‘yish masalalari xususida kelishib olindi", deydi elchi Uzbekistan Today nashriga bergan intervyusida.
Diplomatning fikricha, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi geografik joylashuvi Eronda transport aloqalarini yaxshilashida ko‘mak bo‘lishi mumkin.
Sanktsiyalar olingach, Eron O‘zbekistonga zamonaviy texnologik uskunalar yetkazish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirishda hamkorlik qilishga tayyor.
Yuk tashish imkoniyatlari va yangi transport aloqalaridan unumli foydalanilsa, Eronning hisob-kitobi bo‘yicha, Eron bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi 1 milliard dollargacha o‘sishi mumkin (2014 yil yakuniga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi 250 mln dollar bo‘lgan edi).
“O‘zbekiston va Eron munosabatlari tarixiy, madaniy va diniy ildizlarga ega. O‘zbek tilida juda ko‘p so‘zlar fors tiliga o‘xshab ketadi. Butun dunyoga mashhur olim va faylasuflar aynan O‘zbekiston hududida o‘sib ulg‘aygan. Mana shularning barchasi bizni o‘zbek xalqiga boshqacha mehr bilan qarashimiz sababidir. Shuning uchun ham Eron birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston mustaqilligini qo‘llab-quvvatladi va diplomatik munosabatlar o‘rnatdi. Bugungi kunda, biz albatta ushbu mamlakatning rivojlanishi va gullab yashnashi tarafdorimiz”, — dedi Eronning O‘zbekistondagi elchisi.