Transport vositalarini boshqarib ketayotgan haydovchilarning yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga qat'iy rioya qilishi o‘zi va boshqalarning xavfsizligi va erkinligini kafolatlaydigan eng muhim masalalardandir. Zero mazkur tartib-qoidalardan ko‘zlangan asosiy maqsad harakat xavfsizligini ta'minlash bilan bir qatorda, huquqbuzarliklar sodir etilish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitlarni aniqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, qonuniylikni mustahkamlashdan ham iboratdir.
Qonun-qoidalarni bilmaslik yoki ularni unutib qo‘yish esa jazodan ozod qilinishga asos bo‘lmaydi. Chunki qonun barcha uchun barobar, unga har kim albatta rioya qilishi shart. Aks holda belgilangan tartibda jazoga tortiladi. O‘zbekistondagi eng ommabop avto portali bo‘lmish Avtobor.uz sayti haydovchilarni yana bir bor ogohlik va sergaklikka chorlagan holda harakatlanish vaqtida eng ko‘p sodir etiladigan qo‘pol huquqbuzarliklar uchun belgilangan jarimalar miqdori haqida foydali ma'lumotlarni taqdim etdi. Bular quyidagilar:
1. Xavfsizlik kamarisiz va shlemsiz (mototsiklda) transport vositalarini boshqarish va yo‘lovchilar tashish eng kam ish haqining beshdan bir qismi (bugungi kunda 26048 so‘mni tashkil etadi)
2. Nosozligi bo‘lgan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan, shuningdek, ishlayotganida tashqariga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalarning miqdori, shovqin darajasi belgilangan me'yorlardan ortiq bo‘lgan transport vositalarini boshqarish eng kam ish haqining ikkidan bir qismi (65120 so‘m)
3. Transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizish, yo‘l belgilari bilan belgilab qo‘yilgan talablarga, odam tashish, transport vositalarini quvib o‘tish qoidalariga rioya etmaslik, yo‘lovchilarga loy sachratish, sutkaning qorong‘i vaqtida yoki ko‘rish cheklangan sharoitlarda yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzish eng kam ish haqining ikkidan bir qismi (65120 so‘m)
4. Haydovchining yonida transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, transport vositasiga egalik qilish va uni vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik haqidagi (yoki egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi) hujjatlari bo‘lmagan, shuningdek, haydovchida sug‘urta polisi, litsenziya kartochkasi yoki yo‘l varaqasi yonida bo‘lmagani holda transport vositalarini boshqarishi eng kam ish haqining ikkidan bir qismi (65120 so‘m)
5. Transport vositasining tormoz tizimi, rul tizimi va ulovchi mexanizmida nosozlik bo‘lsa yoki ular maxsus ruxsatnomasiz qayta o‘rnatilgan bo‘lsa eng kam ish haqining bir baravari (130240 so‘m)
6. Tashkilotlarga qarashli transport vositalarini ishdan tashqari vaqtda, ulardan foydalanish shartlariga muvofiq keladigan tarzda maxsus jihozlanmagan joyda saqlanishi fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravari miqdorida (130240 so‘m), mansabdor shaxslarga esa — ikki barobari (260 480 so‘m)
7. Davlat standarti me'yorlariga muvofiq bo‘lmagan qoraytirilgan oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish eng kam ish haqining bir barobari (130240 so‘m)
8. Tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, shuningdek, ularni o‘zgartirib o‘rnatish eng kam ish haqining bir barobari (130240 so‘m)
9. Transport vositasini boshqarish paytida monitordan (displeydan) tele-, videodasturlarni tomosha qilish uchun foydalanish, transport vositasiga o‘zboshimchalik bilan monitor (displey) o‘rnatish eng kam ish haqining bir barobari (130240 so‘m)
10. Monitor transport vositasi salonining old qismiga o‘rnitilsa eng kam ish haqining ikki barobari (260480 so‘m)
11. Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi eng kam ish haqining bir barobari (130240 so‘m)
12. Haydovchining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi eng kam ish haqining ikki barobari (260480 so‘m)
13. Transport vositasini sug‘urta polisisiz boshqarish yoxud o‘z transport vositasini sug‘urtalashdan bosh tortish fuqarolarga eng kam ish haqi (130240 so‘m), mansabdor shaxslarga esa — uch barobari (390720 so‘m)
14. YHQning buzilishi avariya holatini keltirib chiqarsa bitti minimal ish haqi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (130240 so‘m)
15. Haydovchilarning korxona va tashkilotlarga qarashli transport vositalaridan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanishi eng kam ish haqining ikki barobari (260480 so‘m)dan besh barobarigacha (651200 so‘m)
Shuningdek, quyidagi holatlarda avtomobilni boshqarish huquqidan vaqtinchalik mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin:
1. Haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi transport vositasini boshqarish huquqidan olti oygacha muddatga mahrum etish
2. Transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizish, yo‘l belgilari bilan belgilab qo‘yilgan talablarga, odam tashish, transport vositalarini quvib o‘tish qoidalariga rioya etmaslik, yo‘lovchilarga loy sachratish, sutkaning qorong‘i vaqtida yoki ko‘rish cheklangan sharoitlarda yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzish uch marta va undan ortiq ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish transport vositasini boshqarish huquqidan olti oygacha muddatga mahrum etish
3. Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa transport vositasini boshqarish huquqidan olti oy muddatga mahrum etish
4. Transport vositasini boshqarish paytida transport vositasi salonining old qismiga ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan o‘rnatilgan monitordan (displeydan) tele-, videodasturlarni tomosha qilish uchun foydalanish, transport vositasi salonining old qismiga o‘zboshimchalik bilan monitor (displey) o‘rnatish ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa transport vositasini boshqarish huquqidan olti oydan bir yilgacha muddatga mahrum etish
5. Transport vositasini belgilangan tezlikdan oshirib haydash ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa transport vositasini boshqarish huquqidan bir yildan ikki yilgacha muddatga mahrum etish
6. Haydovchining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi ikki marta ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etish
7. Motosikllar va boshqa transport vositalari haydovchilarining yo‘llarda yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa transport vositasini boshqarish huquqidan olti oydan bir yilgacha muddatga mahrum etish
Quyidagi huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganda esa avtomobillar vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchalariga qo‘yilishi mumkin:
• agar transport vositasining haydovchisi bo‘lmasa va to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarining buzilishi yo‘l harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xalaqit bersa;
• transport vositalarining haydovchilari militsiya xodimining transport vositasini to‘xtatish to‘g‘risidagi qonuniy talabini bajarmasa;
• mast holatda trasnsport vositasi boshqarilganda;
• soxta yoki o‘zgartirilgan davlat avtomobil raqamlaridan foydalanilganda yoki ular butunlay mavjud bo‘lmaganda;
• litsenziyasiz yo‘lovchi tashilganda;
• yo‘l-trasnport hodisasi sodir bo‘lgan holatda hodisa joyini qochib ketilganida;
• avtomobil boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar transport vositasini boshqarganida;
• transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik haqidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmaganda;
• transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa litsenziya kartochkasi yoki yo‘l varaqasi yonida bo‘lmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganida;
• ishonchnomalarni, transport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish va ijaraga berish shartnomalarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan (hisobga qo‘ymasdan) transport vositalarini boshqarganda;
• haydovchini ko‘rishni cheklovchi turli qo‘shimcha qoplamalar, qoraytirilgan oynalardan foydalanish, tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozlik bo‘lganda;
• transport vositasi turli jinoyat va huquqbuzarliklar vositasi bo‘lganida.
Eslatib o‘tamiz, jarima huquqbuzar tomonidan unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmay to‘lanishi lozim.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan ma'muriy huquqbuzarlik uchun solingan jarimani huquqbuzar jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab oltmish kundan kechiktirmay to‘lashi lozim.
O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mustaqil ish haqi bo‘lmagan taqdirda, jarima ularning ota-onalari yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslardan undirib olinadi.
Avtobor.uz sayti – O‘zbekisondagi eng ko‘p foydalanuvchilariga ega avto portal hisoblanib, sizga avtoulov sotib olish yoki sotishingizda yordam beradi. Unda qulay izlash va solishtirish usullarida foydalanib 5000 dan ortiq yengil va tijorat ulovlar sotiladi va ijaraga beriladi.