Ukrainadan O‘zbekistonga kelayotgan 12ta yuk mashinasi Rossiyada to‘xtatib qolindi

Jahon 22:10 / 18.02.2016 16328

Rossiyaning Saratov viloyati hududida ukrainaliklarning O‘zbekistonga kelayotgan 12ta yuk mashinasi to‘xtatib qolingan. Bu haqda Davlat yo‘llarini nazorat qilish boshqarmasining viloyat bo‘yicha bo‘limi rahbari o‘rinbosari Vyacheslav Larionov ma'lum qilgan.

Uning aniqlik kiritishicha, ukrainalik haydovchilar Saratov yaqinidagi mehmonxonaga joylashtirilgan.

"Haydovchilar erkin va ular istagan joylariga ketishi mumkin. Ular turli yuklarni tashish bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Masalan O‘zbekistondan Ukrainaga quruq mevalar olib ketishgan. Ortga esa sanoat buyumlari olib qaytishgan. Mashinalarda birida avtomobil shinalarini ko‘rdim", deydi u va yuk mashinalari Rossiya transport vazirligi taqiqi bo‘yicha ushlab qolinganini qo‘shimcha qilib o‘tgan.

15 fevral kuni Rossiya transport vazirligi Ukrainada ro‘yxatdan o‘tgan yuk mashinalarining Rossiya hududida harakatlanishini taqiqladi. Bunga Rossiya yuk mashinalarining Ukrainada harakatlanishiga to‘sqinlik bo‘layotgani sabab qilib ko‘rsatilgandi.

Shu kuni Ukraina hukumati ham mamlakat hududida Rossiya yuk mashinalarining tranzit harakatlanishiga vaqtinchalik taqiq joriy etdi.

17 fevral kuni Rossiya va Ukraina yuk avtomobillarini mamlakatiga qaytarish to‘g‘risida kelishib oldi. Unga ko‘ra «Uyga qaytish» tartibi 16 fevraldan 25 fevralgacha amalda bo‘ladi.

16 fevral kuni Ukrainada O‘zbekiston bilan erkin savdo zonasi yaratish to‘g‘risidagi qonun ratifikatsiya qilingandi.

Hujjatga ilova qilingan xatda ko‘rsatilishicha, bayonnomaning kuchga kirishi bilan 2011 yil 18 oktabrdagi O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida imzolangan erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi kelishuvning barcha bandlari bayonnomada ko‘rsatilgan shartlar inobatga olingan holda amal qila boshlaydi.

Erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi bayonnomada O‘zbekiston Ukraina mollaridan import va eksport bojlari undirmasligi ko‘rsatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: