O‘zbekistonlik taekvondochilar 14-16 fevral kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilgan Turkish Open-2016 turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.
Chempionatda butun dunyodan kelgan 1523 nafar sportchi ishtirok etishdi. Turnirning birinchi kunida o‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlar o‘tkazildi va O‘zbekiston vakillari bu bahslar natijasida 5ta medalga ega bo‘lishdi.
Ayollar o‘rtasida 53 kg vazn toifasida dayanga chiqqan Go‘zal Norboboyeva, 67 kg vazndagi Nigora Tursunqulova bronza medallar bilan taqdirlanishdi.
Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda 80 kg vaznda qatnashgan Maksim Rafalovich finalda turkiyalik Yunus Sariga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan taqdirlandi.
87 kg vazn toifasida O‘zbekiston sport sharafini himoya qilgan tajribali sportchi, jahon vitse-chempioni Jasur Boyqo‘ziyev ham kumush medalni qo‘lga kiritdi. U final bellashuvida Ahmad Muhammadiga yutqazib qo‘ydi.
74 kg vaznda ishtirok etgan Nikita Rafalovich barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. U final bellashuvida Berkan Sunguni mag‘lub etdi.
Yoshlar o‘rtasidagi musobaqalar boshlangach, 68 kg vaznda Svetlana Osipova, 44 kg vazn toifasidagi Madinabonu Mannopova finalga qadar mag‘lubiyatsiz borib, kumush medalga ega bo‘lishdi. Charos Qayumova esa bronza medali bilan taqdirlandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi turnirda 1 oltin, 4 kumush va 3 bronza, jami 8ta medal oldi.