Google rahbari Apple’ning san-bernardinolik terrorchining telefonini ochishdan bosh tortganini qo‘llab-quvvatladi

Jahon 10:26 / 18.02.2016 2705

Google kompaniyasining bosh direktori Sundar Pichai AQSh Federal qidiruvlar byurosi xodimlariga mobil qurilmadagi himoyani chetlab o‘tishga imkon beruvchi dasturni bermagani uchun yuzaga kelgan bahsda Apple’ni qo‘llab-quvvatladi. Pichai bu haqda tvitterdagi mikroblogida yozdi.

"Kompaniyani qurilmani ochish imkoniyatini berishga majburlash foydalanuvchilar haqidagi maxfiy ma'lumotni himoyalashga xavf solishi mumkin", deb yozdi Pichai.

Pichaining aytishicha, kompaniyalar "o‘z mijozlari haqidagi ma'lumotning sir saqlanishini ta'minlash uchun xavfsiz mahsulotlar yaratadi va ularga kirish faqatgina qonun doirasida beriladi".

"Biroq bu mijozlarning qurilmalarini buzib kirishga imkon berishdan umuman farq qiladi ", deb aytdi Pichai va bu "xavotirli o‘rnak" bo‘lishi mumkinligini ta'kidladi.

Avvalroq Oq uy Apple’ning bosh direktori Tim Kuk san-bernardinolik terrorchining telefoniga kirish masalasida Federal qidiruvlar byurosi bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgandan keyin zarur yordamni taqdim qilishni so‘rab kompaniyaga murojaat qilgan.

2015 yil dekabrda San-Bernardino shahrida uyushtirilgan otishma oqibatida 14 kishi halok bo‘lgandi, 17 kishi yaralangandi. Hujumni Said Rizuan Farruk va Tashfen Malik amalga oshirgan. FQB ulardan birining telefonini ochishga urinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: