Kiberxavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi daniyalik kompaniya Android operatsion tizimida ishlovchi qurilmalarda matnli xabarlar yordamida tarqalayotgan kuchli virusni aniqladi.
Mazar deb nomlangan virus qurilmaga o‘rnashib olib, administratorlik huquqlarini qo‘lga oladi hamda telefondagi barcha fayllar, qo‘ng‘iroqlar va xabarlarga kira oladi. Tadqiqotchilarning ma'lumotlariga ko‘ra, virus 100 mingdan ko‘proq telefonda tarqalgan bo‘lishi mumkin.
Qurilmalar quyidagicha zararlanadi: gadjyet egasi oxirida havola (ssilka) bor bir qarashda beozor xabar oladi. Havolaga o‘tilganda telefonga anonim ravishda kirishga ruxsat oladigan hamda undagi ma'lumotlarni o‘chira va o‘zgartira oladigan dastur yuklanadi.
Virusning o‘ziga xos jihati shundan iboratki, u rus tili o‘rnatilgan qurilmalarga tarqalmaydi.