Milliy matbuot markazida “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan is gazidan zaharlanishning oldini olish va aholi o‘rtasida “zangori olov”dan xavfsiz foydalanish qoidalarini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
"Mamlakatimizda aholi farovonligini yuksaltirish va favqulodda holatlarning oldini olishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Bu borada “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2006 yil 8 avgustdagi “O‘ztransgaz” aksionerlik kompaniyasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, kompaniya iste'molchilarning tabiiy gazdan xavfsiz va oqilona foydalanishini ta'minlash choralarini ko‘rmoqda", deyiladi UzA xabarida.
Sputnik agentligining anjumanda ishtirok etgan muxbiri ma'lumotiga ko‘ra, “O‘ztransgaz” O‘zbekistonda Yaroslavldagi kabi gaz qurilmalaridan noto‘g‘ri foydalanilishi oqibatida kelib chiqqan fojialar ro‘y bermasligi choralarini ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni Rossiyaning Yaroslavl shahrida ko‘p qavatli uyda gaz uskanalaridagi nosozlik tufayli yuz bergan portlash natijasida 7 kishi halok bo‘lgandi.
Bugungi kunda kompaniya mutaxassislari bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida aholi o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini amalga oshirayotgani ta'kidlab o‘tilgan.
"Gaz va gaz uskunalaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanish choralari va qoidalari tushuntirilmoqda. Masalan, markazlashtirilgan kommunikatsiyalarga ulangan gaz plitalaridan foydalanadigan xonadon egalari ularni 2 yilda bir marta, gaz ballonida ishlaydigan gaz plitalariga ega aholi esa 1 yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkazishi shart. Bundan tashqari, mutaxassislar gazda ishlaydigan isitish va suv isitish uskunalarini isitish mavsumi oldidan yiliga bir marta ko‘rikdan o‘tkazishi zarur", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 2013 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida ro‘y bergan favqulodda vaziyatlarning 13 foizi gaz qurilmalarining portlashi va is gazidan zaharlanish ko‘rinishida ro‘y bergan. 2015 yilda esa bu ko‘rsatkich 8 foizni tashkil etgan.
"Joriy isitish mavsumida aholining is gazidan zaharlanishi bilan bog‘liq qator holatlar qayd etilgan. Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qo‘lbola va nostandart gaz moslamalaridan foydalanish, gaz kommunikatsiyalariga rezina shlanglar orqali ulanish, mo‘rilarning nosozligi hamda shamol yaxshi aylanmaydigan binolarni gaz uskunalari yordamida isitish bunga sabab bo‘lmoqda", deydi “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari M.Boshmanov.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bu kabi favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi oldini olish bo‘yicha katta tajribaga ega va bunday tajriba dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yo‘q. Taqqoslash uchun, Rossiyada gazlashtirish darajasi 65 foizni tashkil etgani holda, O‘zbekistonda 95 foizni tashkil etadi.
2014 yilda maishiy gaz oqib chiqishi bilan bog‘liq 37 noxush hodisa yuz bergan va natijada 55 kishi halok bo‘lib, 83 kishi turli darajada jarohatlar olgandi.