Toshkent megapolisga aylanmoqda

O‘zbekiston 10:11 / 17.02.2016 17405

Respublikaning barcha shaharlari qatori poytaxt Toshkent ham yildan-yilga zamonaviy qiyofa kasb etib, megapolislarga hos barcha jihatlarga ega bo‘lib bormoqda. Ko‘rkam bino-inshootlar, zamonaviy ko‘priklar, keng va ravon yo‘llar bunyod etilmoqda. Kompleks chora-tadbirlar va maxsus reja asosida olib borilayotgan ishlar samarasi o‘laroq, bosh kentning transport-kommunikatsiya tizimi ham takomillashib bormoqda.

Bu o‘z navbatda poytaxt aholisi va mehmonlari uchun qator qulayliklar yaratmoqda. Masalan, Olmazor va Shayxontohur tumanlarini kesib o‘tib, Forobiy, Qorasaroy, Sag‘bon, Sebzor va Labzak ko‘chalarini o‘zaro bog‘lovchi 5,1 kilometr uzunlikdagi yangi Nurafshon ko‘chasining ochilishi shahardagi ma'lum tirbandliklarning oldini oldi, transportlar harakatini osonlashtirmoqda. Qolaversa, Abdulla Qodiriy va Labzak ko‘chalari hamda Sebzor va Abdulla Qodiriy ko‘chalari kesishgan chorrahalarda yangi ko‘priklar ko‘chalarga ko‘rk, aholi va transport vositalariga qulaylik yaratdi.

Aytish kerakki, maxsus farmon va qarorlar asosida poytaxtda milliy va zamonaviy me'morchilik uslublarini uyg‘unlashtirgan bino va inshootlar qurilishiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Madaniy obektlar, turli muassasalar va aholi turar joy binolari poytaxt ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. 2014 yil 20 noyabrdagi Toshkent shahrining Eski shahar qismida zamonaviy turar joylar barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori asosida Nurafshon ko‘chasida qad rostlagan o‘nta ko‘p qavatli uy-joy binosini ham yorqin misol sifatida aytish mumkin.

Toshkent shahridagi yo‘l transporti infratuzilmasini yanada takomillashtirish, ko‘chalar bo‘yidagi bino va inshootlarning me'moriy qiyofasini yangilash bo‘yicha ishlar joriy yilda ham davom ettirilmoqda.

Mirzo Ulug‘bek tumani bosh arxitektori Otabek Imomovning ma'lumot berishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 5 avgustdagi “Toshkent shahrining magistral ko‘chalarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosida yo‘llar kengaytirilmoqda, zamonaviy yoritish uskunalari o‘rnatilib, bino va inshootlarning me'moriy qiyofasi yangilanmoqda. Mirzo Ulug‘bek tumanida, rejaga ko‘ra, 232 ta bino va inshootning old qismi ta'mirlanib, atrofi ko‘kalamzorlashtirilayapti.

-Ammo ba'zi fuqarolarning turar joy binolarining balkonlarini o‘zlari bilgancha, me'morchilik qoidalariga, “Shaharsozlik kodeksi”, “Fuqarolik kodeksi”ga nomuvofiq buzish va ta'mirlash holatlari ham kuzatilmoqda va bu ularning o‘zlari uchun ham atrofdagilar uchun ham xavfli, - deydi arxitektor. Qurilish-ta'mirlash ishlari uchun mahalliy byudjyet hisobidan mablag‘ ajratilgan. Bu jarayonda fuqarolar jarayonning asl maqsadini yaxshi anglab, turli gap-so‘zlar va mish-mishlarga chalg‘imay, bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shsalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

-Yigirma yildan buyon Mirzo Ulug‘bek tumani “Olmachi” mahallasida yashayman. Shahrimizdagi, tumanimizdagi, mahallamizdagi ijobiy o‘zgarishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz. Keng yo‘llar, ko‘rkam binolar, ko‘priklar qurilmoqda. Bularning hammasi kim uchun? Albatta, biz uchun. Ayrim odamlar yo‘llar qurilishi, binolar ta'mirlanishi haqida har-xil bo‘xtonlar tarqatib yuribdi. O‘ylaymanki, bunyodkorlikni doim qo‘llab-quvvatlash kerak. Chunki bugun zamon o‘zgarayapti, qarashlar yuksalayapti. Bu jarayon tabiiy ravishda jamiyatning har bir sohasida aks etadi. Vatanimiz yuksalsa, chiroy ochsa, bizning yutug‘imiz, bizning faxrimiz, deydi “Olmachi” mahallasida istiqomat qiluvchi Rustam Bobojonov.

Ko‘proq yangiliklar: