Guliston shahrida Alisher Navoiy haykali o‘rnatiladi

O‘zbekiston 21:32 / 17.02.2016 3387

Guliston shahridagi Sirdaryo viloyat nikoh saroyi qarshisida barpo etiladigan “Shoirlar bog‘i”ga shoir Alisher Navoiy haykali o‘rnatiladi. Bu haqda Sirdaryo viloyat hokimligining sayti xabar bergan.

2015 yilning 4 sentabrida O‘zbekiston prezidentining “2015-2019 yillar davrida ijtimoiy, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bilan kom­pleks holda erlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va sizot suvlar sathini pasaytirish, Guliston shahrini arxitekturaviy-rejali qurishni tubdan yangilash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilingandi.

Ushbu hujjat ijrosi yuzasidan “Do‘stlik” kanalining Guliston shahri xududidan o‘tuvchi qismida keng ko‘lamli irrigatsiya-melioratsiya ishlari bajarildi. Kanalning tubi va qiyaliklari zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlangan, namni o‘tkazmaydigan beton qorishma bilan qoplandi. Bu ishlarni talab darajasida amalga oshirish uchun 110 dan ziyod texnika vositasi va 500 nafardan ko‘proq ishchi-mutaxassis jalb etildi. Kanalning qariyb 3,5 kilometrlik qismida bajarilgan rekonstruksiya ishlari tufayli sizot suvlar sathi keskin pasaydi. Shu kunlarda drenaj tizimini yanada takomillashtirish bilan bog‘liq yumushlar amalga oshirilmoqda.

Yaqin kelajakda viloyat markazida 1,5 ming tomoshabinga mo‘ljallangan amfiteatr qurilishi, vilo­yat musiqali drama teatrini tubdan rekonstruksiya qilishga kirishiladi. Viloyat nikoh saroyi qarshisida barpo etiladigan «Shoirlar bog‘i»da ulug‘ bobokalonimiz Alisher Navoiy haykali qad rostlaydi, uning atrofida musiqali favvoralar quriladi. Mazkur sayilgoh markaziy istirohat bog‘iga ulanib, Do‘stlik kanalining har ikkala qirg‘og‘i bo‘ylab shaharning to‘rtinchi mavzesiga qadar davom etadi.

Shu kunlarda Boyovut tumanining Guliston shahriga tutashgan 55 gektarlik maydonda dehqon va buyum bozorini qurish ishla­ri ham boshlab yuborildi. Dasturga ko‘ra, 10 ta avtomobil yo‘li hamda temir yo‘l ustidan o‘tuvchi shimoliy ko‘prikni ikki baravar kengaytirish, shahardagi toza ichimlik suvi, elektr va gaz tarmoqlarini rivojlantirish borasida ham keng ko‘lamli ish olib borilayapti.

Ko‘proq yangiliklar: