Futzal bo‘yicha Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan Osiyo chempionatida chorak final o‘yinlari yakunlanib, yarim final juftliklari ma'lum bo‘ldi.
Chorak finalda O‘zbekiston Iroqni 3:0 hisobida mag‘lub etgan o‘yinga parallel ravishda kechgan yana bir uchrashuvda Tailand Avstraliyani 6:1 hisobida yengdi. 19 fevral kuniga belgilangan yarim finalda O‘zbekiston Tailandga qarshi bahs olib boradi.
Chorak final o‘yinlarini bu juftliklardan keyinroq boshlagan Eron-Qirg‘iziston hamda Yaponiya-Vetnam juftliklarida qayd etilgan natijalardan keyin yarim finalning yana bir to‘qnashuvi ishtirokchilari aniqlandi. Turnir favoriti Eron Qirg‘izistonga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda 7:0 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga chiqdi. Ikkinchi juftlikda esa kutilmaganda yaponiyaliklar vetnamliklardan yengilishdi.
Yaponiya va Vetnam terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin o‘ta shiddatli kechdi. Ikkinchi bo‘limda yaponlar 3:1 hisobda oldinda borayotib, so‘nggi 5 daqiqada g‘alabani qo‘ldan chiqarishdi.
O‘yinning asosiy vaqti 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlanganidan keyin qo‘shimcha bo‘limlar belgilandi. Ekstra-taym boshida Yaponiya yana oldinga chiqib oldi. So‘nggi daqiqalarda vetnamliklar beshinchi o‘yinchi taktikasi orqali hisobni tenglashtirishdi.
Uchtadan amalga oshirilgan penaltilar seriyasida esa omad Vetnamga kulib boqdi — 2:1.
Shu tariqa, Eron va Vetnam terma jamoalari Osiyo chempionati yarim finaliga chiqish bilan birga Kolumbiya-2016 yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Bu ikki jamoa yarim finalda to‘qnash kelishadi.
Futzal bo‘yicha Osiyo chempionati, chorak final
ERON - QIRG‘IZISTON - 7:0
YaPONIYa - VeTNAM - 4:4.
Asosiy vaqt - 3:3. Penaltilar seriyasi - 1:2
Osiyo chempionati yarim finali doirasidagi O‘zbekiston va Tailand o‘rtasidagi o‘yin 19 fevral, juma kuni, soat 16:00 da boshlanadi. Eron va Vetnam o‘rtasidagi uchrashuv esa 19 fevral kuni soat 19:00ga belgilangan.