Toshkent davlat agrar universitetida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), Global Ekologik Jamg‘arma (GEJ) va “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikdagi “O‘zbekistonning tog‘li, yarim cho‘l va cho‘l landshaftlarida sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil yerlarni raqobatli ekspluatatsiya qilinishi natijasida tabiiy resurslardan foydalanish bosimini kamaytirish” loyihasi doirasida “O‘zbekiston Respublikasining yer fondi va undan foydalanish” resurs-axborot markazi tashkil qilindi.
Markaz uchun O‘zbekiston Respublikasi tabiiy kartasining maketi, barcha hududlarimizda uchraydigan asosiy tuproq namunalarini ko‘rsatish maqsadida 20 dona maxsus qutilar, o‘quv darslari va ilmiy tadqiqot ishlarida foydalanish uchun zarur bo‘lgan 13 dona turli xaritalar tayyorlandi.
2016 yilda axborot resurs markazi uchun 50 nomda zamonaviy o‘quv dasrliklari va qo‘llanmalari xarid qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu markazni tashkil qilishdan maqsad – universitetning professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar va ilmiy xodimlar, magistr hamda talabalarning O‘zbekiston Respublikasida yer fondi, uning tarkibi, tuproq tuzilmalari va shu kabi yo‘nalishlarda ilmiy-pedagogik hamda amaliy salohiyatlarini oshirishga yordam ko‘rsatish hisoblanadi.
Ushbu Axborot – resurs markazining ma'lumotlaridan foydalangan xolda, ToshDAUning turli yo‘nalishlarida bilim olayotgan mingga yaqin talaba va magistrlar, yosh olimlar, professor-o‘qituvchilar nazariy, ilmiy, pedagogik ta'lim va amaliy malakalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.