Angliya chempionatining 26-turidagi yana bir markaziy uchrashuv "Manchester Siti" va "Tottenhem" klublari o‘rtasida o‘tkazildi. Unda mezbonlar 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi.
O‘yinning birinchi bo‘limida ikki jamoa ham ehtiyotkor o‘yin uslubi qo‘lladi va hisob ochilmadi.
O‘yinning 53-daqiqasida bosh hakam Mark Klattenburg shubhali vaziyatda "shaharliklar" darvozasi tomon penalti belgiladi. Bu vaziyatda Rouz tomonidan tepilgan to‘p jarima maydonchasi ichida Rahim Sterlingning yelkasiga tegdi, lekin hakam bu vaziyatda futbolchi to‘pni qo‘li bilan qaytardi deb hisobladi. Harri Keyn esa belgilangan penaltidan gol urib, londonliklarni oldinga olib chiqdi.
Shundan so‘ng mezbonlar murabbiyi Manuel Pellegrini tavakkalga qo‘l urib, tayanch yarim himoyachisi Fernandoni hujumchiga alamashtirdi. 65 daqiqada maydonga tushgan yosh nigeriyalik hujumchi Kelechi Ixeanacho 74-daqiqada gol urib hisobni tenglashtirdi.
Lekin, 83-daqiqada "shporlar"ning daniyalik futbolchisi Kristian Eriksen "Tottenhem"ning ikkinchi golini urdi va hisobni 1:2 ko‘rinishiga keltirdi. O‘yinning qolgan qismida hisob o‘zgarmay qoldi.
Endilikda Pochettino shogirdlari ochkolar sonini 51taga yetkazib oldi va to‘plar nisbatidagi ustunlik evaziga "Arsenal"ni ortda qoldirib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Angliya chempionati, 26-tur
Manchester Siti – Tottenhem 1:2
Gollar: 0:1 – 53, penalti Keyn, 1:1 – 74 Ixeanacho, 1:2 – 83 Eriksen.
Manchester Siti – Xart, Kompani, Klishi (Kolarov, 75), Sabaleta, Otamendi, Fernando (Ixeanacho, 66), Fernandino, Ture, Silva, Sterling, Aguero.
Tottenhem – Loris, Vimmer, Alderveyreld, Rouz, Dayyer, Alli (Lamela, 81), Dembele, Eriksen, Uoker, Keyn, Son Xyn Min (Kerroll, 72).
Ogohlantirishlar: Dayyer (45), Kompani (46), Vimmer (56), Kerroll (76).