Davlat yetakchi partiyasi “Senuri”ning parlament fraksiya raisi Von Yu Chxol Janubiy Koreya Milliy (parlament) yig‘ilishida deputatlar oldida so‘zga chiqar ekan, Koreya Respublikasi o‘zining yadroviy quroliga egalik qilishi lozim, deb hisoblashini bildirdi. Uningcha, bunday chora Shimoliy Koreya raketa-yadroviy tahdidlaridan himoyalanish uchun zarur.
“Biz har safar yomg‘ir yoqqanda qo‘shnidan soyabon so‘ray olmaymiz. Bizga o‘zimiz kiya oladigan yomg‘irpo‘sh kerak” –dedi siyosatchi, Janubiy Koreyadan1991 yilda taktik yadroviy qurollari olib chiqib ketilgach, mamlakat Amerikaning “yadroviy soyaboni” himoyasi ostida ekaniga urg‘u berib.
O‘shanda Seul va Pxenyan Koreya yarimorolini yadrosiz maydonga aylantirishga kelishib olishgan edi. Lekin keyinchalik Shimoliy Koreya atom quroli ishlab chiqarishni boshlab ushbu kelishuvni buzgan edi.
Von Yu Chxolning qayd etishicha, Shimoliy Koreya tomonidan o‘tkazilgan to‘rtta yadroviy tajriba yadrosizlantirish tushunchasi va tamoyilini "butunlay izdan chiqardi".
Fraksiya raisi Janubiy Koreyaning Keson sanoat parkining yopilishi haqidagi qarorini ham quvvatladi. Shimoliy Koreya bu parkda ishlab topgan mablag‘ini o‘zining yadroviy va raketa dasturlarini rivojlantirish uchun sarflagan bo‘lishi mumkin, deb hisoblashadi Seulda. Ushbu loyihadan Pxenyan har yili 100 million dollar daromad olib turgan. Sanoat parkining yopilishi haqida bir necha kun avval e'lon qilingandi.
Shimoliy Koreya 7 fevral kuni raketa-kosmik kemasi va sun'iy yo‘ldoshining muvaffaqiyatli ishga tushirilgani va uskunani orbitaga uchirilishi haqida ma'lum qilgandi. 6 yanvar kuni Pxenyan termoyadroli bombaning sinovlardan yaxshi natija bilan o‘tganini e'lon qildi.