Isroilning sobiq bosh vaziri Olmert qamoq jazosini o‘tashni boshladi

Jahon 15:30 / 15.02.2016 2304

Isroilning sobiq bosh vaziri Exud Olmert bugun, 15 fevral kunidan korrupsiya ishi bo‘yicha belgilangan jazoni o‘tashni boshlaydi.

2014 yilda Tel-Aviv okrug sudi Olmertni 6 yillik qamoq va 1 mln shekel (290 ming dollar atrofida) miqdoridagi jarima jazosiga hukm qilgandi. U Quddus (Iyerusalim) meri lavozimini egallab turgan paytida Holyland turar-joy majmuasi quruvchilaridan 144 ming dollar, yana boshqa ish bo‘yicha esa 17 ming dollar pora olganlikda ayblangandi.

O‘tgan yilning dekabrida Isroil oliy sudi mamlakatning sobiq bosh vaziri Exud Olmertga qarshi korrupsiya ishlaridan biri bo‘yicha 2014 yilda qabul qilingan hukmni qayta ko‘rib chiqdi.

Endi u Tel-Aviv shahri yaqinidagi «Maasiyagu» qamog‘ida 19 oy o‘tiradi.

U Holyland aholi turar-joy kompleksining qurilishini qo‘llab-quvvatlash uchun pora olganlikda ayblangach chiqarilgan sud hukmi qayta ko‘rib chiqilib, jazo (6 yillik qamoq) 18 oyga o‘zgartirildi.

Keyinroq, o‘tgan haftada tergov davomida unga qarshi ko‘rsatma bermaslikni so‘rab kotibiyat boshlig‘i Shul Zakenga pul taklif qilgani uchun esa unga 1 oy qamoq muddati qo‘shib berilgan.

Olmert 1993-2003 yillarda Quddus shahri meri vazifasida ishlagan. Aynan o‘sha vaqtda uning Holyland turar joyi majmuasi qurilishiga ruxsat berishda pora olganligi aytilgan.

Olmert bosh vazir lavozimida 2006 yil aprelidan 2008 yil sentabriga qadar faoliyat olib borgan, 2008 yilda o‘ziga nisbatan bir qator ayblovlar ilgari surilgach, Isroil bosh vazirligidan muddatidan ilgari iste'fo bergandi.

U mamlakat tarixida majburan o‘z lavozimini tark etgan va keyin sudga tortilgan yagona bosh vazir hisoblanadi.

Isroil sobiq bosh vaziri Exud Olmertning qamoq muddati qisqartirildi

Ko‘proq yangiliklar: