Qiziqchi va aktrisa Halima Ibragimova Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasiga yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaydigan, yo‘lovchi olaman deb, boshqa haydovchilarga xalaqit beradigan “uchar” kirakashlarga iltimos mazmunidagi videomurojaatni joylashtirdi.
“Hozir uydan chiqib, “Hamza” (Novza) metroga qarab harakatlanayotgan paytimda chap tomonda ketayotgan “Matiz” avtomobili o‘ng tomonda taksi to‘xtatayotgan yo‘lovchini olmoqchi bo‘ldi. Natijada yo‘l transporti xodisasi sodir bo‘ldi. O‘rtoq, kirakashlar, iltimos, chap qo‘lda ketayapsizlarmi, chap qo‘lda ketinglar, xo‘p?! Arzimagan 4-5 ming pul topaman deb, avariyaga sabab bo‘lmang. Sal orqa-oldinglarga qarab haydanglar mashinani. Bu yerda sizlardan boshqa mashina haydayotgan, uyiga, bola-chaqasining oldiga ketayotganlar ham bor”, deydi Halima Ibragimova.
Tan olish kerakki, u ko‘targan ijtimoiy masala ancha muhim va tanqidlari o‘rinli. So‘z yakunida 15 fevraldan boshlanadigan nazorat tadbirlaridan so‘ng, ko‘cha va mahalla yo‘llaridagi harakatlar tartibga tushib qolishiga umid bildirgan.
Masalaning yana bir jihati bor: Negadir Halima Ibragimovaning o‘zi ham videomurojaatni avtomobilni chetga to‘xtatib, xotirjam tarzda amalga oshirmagan. Bu ham qoida buzish holati emasmi?!
Eslatib o‘tamiz, saytimizda 15 fevral sanasidan boshlab poytaxt yo‘llaridagi o‘rganishlar sonining keskin oshirilishi haqida xabar qilgandik.