Qozog‘istonning Ostona shahrida qurilishi ishlari boshlangan "Abu-Dabi Plaza" majmuasi hududida chiqqan yong‘in butunlay o‘chirildi. Bu haqda Tengrinews nashri Qozog‘iston ichki ishlar vazirligining favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi rasmiy vakili Ruslan Imanqulovga asoslanib xabar qilgan.
"O‘t o‘chirish ishlarida harakatlanish uchun 4ta maxsus guruh tashkil etildi. Ulardan ikki guruh (40 kishidan tarkib topgan) bino ichida ishladi", deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in vaqtida 120 kishi evakuatsiya qilingan, jarohatlanganlar yo‘q. O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga yetib kelishganida 11-qavatdan 25-qavatgacha bo‘lgan hududda yong‘in davom etayotgan edi. Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 04.40 da chiqqan yong‘in soat 08.25da (Toshkent vaqti bilan 07.25da) o‘chirilgan.
Ayni vaqtda yong‘inning kelib chiqish sabablarini o‘rganish uchun maxsus xodimlar ish olib borishmoqda.
Ushbu inshoot qurilishi yakunlangandan keyin Markaziy Osiyodagi eng baland binoga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Yangi binoning balandligi loyiha bo‘yicha 380 metrdan ko‘proqni tashkil qilishi kerak. Taqqoslash uchun, Ostankino teleminorasining balandligi 540 metrni, "Moskva-Siti" majmuasining eng baland minorasi ("Federatsiya. Vostok") 374 metrni tashkil qiladi.
Ostonada Markaziy Osiyoda eng baland bo‘lishi kutilgan binoda yong‘in chiqdi