"OK Go" rok-jamoasi IL-76 MDK yuk samolyoti bortida hosil qilinadigan vaznsizlikda klip oldi

Jamiyat 12:04 / 13.02.2016 4143

Chikagoning "OK Go" rok-jamoasi " Upside down & Inside Out" qo‘shig‘iga internetni "larzaga solgan" yangi videoklip suratga oldi. Ayni vaqtda guruhning Facebook’dagi sahifasiga yuklangan ushbu klip namoyishlari soni 24,5 mln dan oshib ketdi. Klip hanuzgacha guruhning YouTube’dagi kanalida paydo bo‘lmagan, yo‘qsa namoyishlar soni yanada ko‘proq bo‘lishi muqarrar edi. Yangi klip atrofida OAVlarda yuzaga kelgan shov-shuv musiqachilarning klip uchun ssenariy yozishda antiqa yondashganlari va klipning noodatiyligi sababli yuzaga keldi.

Klip IL-76 MDK yuk samolyoti bortida suratga olingan.

 

Aviasozlikdan biroz bo‘lsa ham xabari bo‘lganlar IL-76 MDK nomini ko‘rgach, videoning noodatiyligiga nima sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini darrov fahmlagan bo‘lsalar kerak. Ushbu samolyot tashqi ko‘rinishidan oddiy harbiy-yuk samolyotiga o‘xshashsada, samolyot-laboratoriya hisoblanadi. U yirik o‘lchamdagi yuklarni jo‘natish uchun emas, balki fazogirlarni orbitaga jo‘natishdan oldin mashg‘ulot o‘tkazish uchun qo‘llanadi.

Klip guruh va Novosibirskning S7 Airlines aviakompaniyasi hamkorligida yaratildi. 3 daqiqadan sal ko‘proq davom etadigan videodagi barcha lavhalar vaznsizlik sharoitida o‘tgan.

Gagarin nomidagi fazogirlarni tayyorlash markazi ko‘magi evaziga rok guruhga vaznsizlik holatiga erishish uchun qimmatbaho suborbital parvozlarni taklif qiluvchi kompaniyalar xizmatlariga murojaat qilishga to‘g‘ri kelmadi. Effektroq bo‘lishi uchun IL-76 MDK ichi S7 Airlines kompaniyasining yo‘lovchi samolyoti ichiga maksimal o‘xshash qilib o‘zgartirildi.

Qizig‘i, videoda rok guruh ishtirokchilari va styuardesslar rolini ijro etgan professional havo gimnastlari Anastasiya Burdina va Tatyana Martinova tomonidan bajarilgan barcha sakrashlar, umbaloq oshishlar va boshqa akrobatik tryuklar zamonaviy kinematografiya uchun xos bo‘lgan troslarsiz va maxsus kranlarsiz hamda kompyuter grafikasisiz amalga oshirilgan.

Videoning eng jozibali tomoni bo‘lgan qisqa vaqtli vaznsizlik effektiga erishish uchun samolyot parabola ko‘rinishidagi Kepler egrisi bo‘ylab ko‘p martalab parvoz qilishiga to‘g‘ri keldi. Yerning tortish kuchi uchuvchilar tomonidan "gorka" deb ataluvchi manyovr bajarilganda samolyot yo‘lovchilari va ekipajiga ta'sir qilmay qo‘yadi. Samolyotda balandlik to‘playotganda vaznsizlik uchun kerak bo‘lgan 50 gradusli tangajga erishilganda va shturval o‘zidan itarilganda vaznsizlik yuzaga keladi. Maxsus trayektoriya bo‘yicha keyingi parvoz muayyan vaqt ichida vaznsizlikni ushlab turadi va bu holat samolyot pastlaganda 45-50 graduslik tangajga erishganda yo‘qoladi.

Parvoz paytida o‘rtacha 15-20 ta qisqa muddatli vaznsizlik holati bajariladi, ularning har birining davomiyligi 25-30 soniyani tashkil qiladi. "Gorka"ni bajarishdan oldin samolyotning tezligi 620 km/soatni tashkil qilishi kerak, Kepler egrisi bo‘yicha harakatlanish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘luvchi parvozlar zonasi esa 7 ming metrdan balandroqda boshlanadi.

Qo‘shiq uchun materiallarni tayyorlash uchun klip mualliflariga 3 hafta kerak bo‘ldi. Bu vaqt davomida rok guruhi a'zolari samolyotda 21 ta parvozni amalga oshirishdi va bu parvozlarning har biri taxminan 15 ta vaznsizlik holati bilan kechgan. Umumiy hisobda rok guruhning har bir a'zosi vaznsizlik holatida 2 soatdan ko‘proq vaqt bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: