Gollivudlik ko‘pchilik artistlar, ayniqsa qora tanli artistlar "Oskar" kinomukofoti taqdimotiga boykot e'lon qilayotgan bir paytda "Titanik" yulduzi aktrisa Keyt Uinslet nima uchun buni qilmasligini tushuntirdi. "Stiv Jobs" filmidagi ikkinchi darajali roli uchun joriy "Oskar"ga nomzodi qo‘yilgan aktrisa o‘ziga taqdimotni o‘tkazib yuborishga ijozat bera olmasligini, chunki taqdimotda uning yaqin do‘sti aktyor Leonardo Di Kaprio hayotida birinchi marta "Oskar" mukofotini olishi mumkinligini aytdi.
"Rostini aytsam, bu yil ayollar uchun ajoyib va juda kuchli yil bo‘ldi, shuning uchun men taqdimotga bormaslikka yo‘l qo‘ya olmasligimni his qilmoqdaman. Shuningdek, bu yil do‘stim Leoning yili bo‘lishini va o‘zining birinchi "Oskar"ini olishini his qilmoqdaman. U men uchun juda qadrdon do‘st va u mukofotni olganda uning yonida bo‘lmasligimni tasavvur ham qila olmayman. Shu ikki sabab taqdimotga borish uchun yetarli, deb o‘ylayman", deb ta'kidladi Keyt.
Bundan avval u AQSh kinoakademiyasi a'zolarini Di Kaprioning xizmatlarini munosib baholab, unga uzoq kutilgan "Oskar"ni berishga chaqirgandi.