Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich dunyo bo‘ylab korrupsiyaga qarshi kurashuvchi va korrupsiya darajasini o‘rganuvchi nohukumat xalqaro tashkiloti Transparency International’ning saytida o‘tkazilgan va 10 fevralda yakunlangan onlayn-ovoz berish natijalariga ko‘ra jahonning bosh korruptsioneri deb ataldi. "Korruptsionerdan niqobni yech" deb nomlangan bu kampaniya davomida Yanukovichga 13210 nafar foydalanuvchi ovoz berdi.
2-o‘ringa Braziliyaning neft qazib oluvchi Petrobras kompaniyasi qo‘yildi (11900 ovoz). Antireytingning yetakchi uchligidan Panamaning sobiq prezidenti Rikardo Martinelli va uning safdoshlari ham o‘rin egalladi (10 166 ovoz).
Saytga tashrif buyuruvchilar dastlab jahondagi korrupsiya bilan bog‘liq haddan tashqari kurakda turmaydigan 15 ta hodisani tanlashdi. Ro‘yxatdan alohida amaldorlar ham, tashkilot va kompaniyalar, hattoki davlat tizimlari ham o‘rin oldi. Bunda tanlov quyidagi mezonlar bo‘yicha amalga oshirildi: korrupsiya uchun jazolanmaslik, katta ko‘lamdagi korrupsiya ta'rifi bilan eng ko‘p o‘xshashlik, uning xalqaro tavsifi.
Ukrainada Yanukovichga nisbatan davlat mulkini o‘zlashtirish ayblovi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Transparency International tashkiloti Yanukovich tuzumini ta'riflab, "Yanukovich bir necha milliard dollarlik villada yashagani, davlat korxonalariga tegishli millionlab dollarlarning shaxsiy cho‘ntaklarga tushishiga imkon bergani va talon-tarojlikda ayblanishidan oldin Rossiyaga qochib ketganiga" ishora qiladi. Uning "Mejigore" qarorgohida topilgan "oltin baton" Ukraina va jahondagi korrupsiya ramziga aylandi.