O‘zbekistonning birinchi raqamli ayol tennischisi Nigina Abduraimova Avstraliyaning Pert shahrida davom etayotgan va sovrin jamg‘armasi 25 ming dollardan iborat turnirdagi ishtirokini yakunladi.
Musobaqada 6-raqam ostida tasniflangan Abduraimova ikkinchi davra uchrashuvida mezbonlar vakiliga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bu haqda olamsport.com xabar berdi.
Abduraimova uch soatu bir daqiqa davom etgan bahsda avstraliyalik Jyeymi Furlisga 7:5, 3:6, 5:7 hisobida yutqazdi. Uchrashuv davomida Nigina 4ta, uning raqibi 2ta eys zarbani amalga oshirdi. O‘zbekiston vakili birinchi bosqichda xitoylik Jing-Jing Luni 4:6, 6:1, 6:2 hisobida mag‘lub etgandi. Asosiy to‘rga saralash bahslari orqali yetib kelgan mezbon tennischi ilk bosqichda yaponiyalik Kioka Okamuradan 6:1, 6:4 hisobida ustun kelgandi.
Ma'lumot uchun, Nigina Abduraimova 1994 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U ITF turkumidagi 11ta turnirda g‘alaba qilgan (uchtasi birinchi razryadda). U ayni vaqtda dunyo reytingida 221 o‘rinda turibdi.