“Agrobank” Yagona umumrespublika protsessing markazining PayMe servisiga ulangan ikkinchi bank bo‘ldi. Bu servis jismoniy shaxslarga bir bank doirasida kartadan kartaga mablag‘ o‘tkazish imkonini beradi. Ushbu bankni ilk bora “Aloqabank” joriy etgandi.
Pulni UzCard milliy to‘lov tizimi saytidagi shaxsiy kabinetdan amalga oshirish mumkin. Oyiga faqat 1 mln so‘m o‘tkazish mumkin. Xizmat to‘lovi – o‘tkazma hajmidan 2 foiz. Pul darhol o‘tkaziladi.
Fevral oyining oxiriga qadar servisga yana 10ta bank ulanishi kutilmoqda, deb xabar beradi Gazeta.uz protsessing markazi direktori Farrux Ziyayevga tayangan holda. Hozir markaz banklar bilan muzokaralar olib bormoqda.
“Barcha banklarni ulash bo‘yicha ishlar yakunlanganidan so‘ng turli banklarning kartalari o‘rtasida pul o‘tkazishni tashkillashtirish borasida ishlar boshlanadi. Texnik jihatdan biz bu narsaga shaymiz” – ta'kidladi mutaxassis.
Ziyayevga ko‘ra, bu xizmat keyinchalik Click tizimiga ham kiritiladi, pul o‘tkazish limiti esa ko‘paytiriladi.