O‘zbekistonda qiz bolalarni ommaviy sportga jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda

O‘zbekiston 00:42 / 12.02.2016 5245

Prezidentimiz Islom Karimov raisligida 11 fevral kuni Oqsaroyda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari Jamg‘arma tashkil etilganidan buyon, xususan, 2015 yilda amalga oshirilgan ishlar va ularning ahamiyati to‘g‘risida atroflicha fikr yuritdi. Prezidentimiz jumladan qiz bolalarning ommaviy sportga jalb etilishi, yurtimizda bolalar sporti sohasida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar farzandlarimizning jismoniy kamolotida o‘zining amaliy ifodasini topayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

Qiz bolalarni ommaviy sportga jalb etish borasidagi amaliy ishlarimiz haqida ham alohida to‘xtalib o‘tishimiz zarur. Bu ko‘rsatkichlar 2005 yilda 24 foizni, jumladan, qishloq joylarda 22 foizni tashkil etgan, xolos. Bugungi kunda qiz bolalarning 47 foizi, qishloq joylarda esa 44,7 foizi sport bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgani barchamizga mamnuniyat yetkazadi.

Viloyatlar miqyosida olib qaraganda, 2015 yilda qiz bolalarning sport bilan shug‘ullanishi Farg‘ona viloyatida 47,6 foizni, Namangan viloyatida 47,5, Samarqand va Xorazm viloyatlarida 47,4 foizni tashkil etgani e'tiborga loyiq, albatta.

Bu ishlarni yanada izchil davom ettirishimiz kerak, dedi Prezidentimiz. Chunki qizlarimiz timsolida biz avvalambor bo‘lg‘usi onalarni, xalqimiz, millatimizning umidi va tayanchi hisoblangan kelajak avlodni dunyoga keltirib, voyaga yetkazadigan naslimiz davomchilarini ko‘ramiz. Qiz bola sog‘lom va baxtli bo‘lsa, u quradigan oila ham, uning mevasi bo‘lmish bola ham sog‘lom va baxtli bo‘ladi. Oila sog‘lom va baxtli bo‘lsa, butun jamiyat baxtli va farovon bo‘ladi. Buni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz zarur.

Qizlarimizni sportga qiziqtirish, ular o‘rtasida sportni ommalashtirish maqsadida ayol murabbiyalar tayyorlash masalasiga alohida e'tibor qaratib, bu borada maxsus qarorlar qabul qilganimiz o‘z samarasini bermoqda, dedi davlatimiz rahbari. Ilgari sport sohasida ayol murabbiyalarni topish qiyin edi. Qishloq joylarda bunday mutaxassislar deyarli yo‘q edi.

Ana shularning barchasini inobatga olib, yuksak malakali sport murabbiylari, jumladan, xotin-qiz murabbiyalar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha yurtimizda yangi, samarali tizim joriy etilgani bugungi kunda o‘z natijasini bermoqda. Buning tasdig‘ini 2015 yilda sport bo‘yicha murabbiy va o‘qituvchilar 2005 yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘payganida, jumladan, ayol sport ustozlari 3,8 barobar oshganida ko‘rish mumkin.

Bolalarimiz kelajagini o‘ylab olib borayotgan mana shunday ishlarimiz farzandlarimizning jismoniy kamolotida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda, deb ta'kidladi Yurtboshimiz. Masalan, O‘zbekistonda bo‘y ko‘rsatkichlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga mos keladigan 14 yoshli o‘g‘il bolalarning ulushi bugungi kunda Toshkent shahri bo‘yicha 97,9 foizni, Namangan viloyati bo‘yicha 97,6, Qashqadaryo viloyati bo‘yicha 97,1, Buxoro viloyati bo‘yicha 96,8 foizni, mamlakatimiz bo‘yicha 94,2 foizni tashkil etmoqda. Boshqacha qilib aytganda, 14 yoshdagi o‘g‘il-qizlarimizning bo‘yi keyingi o‘n yilda o‘rtacha 2,8 santimetrga o‘sganini alohida ta'kidlash lozim.

Ayni shu yo‘lda amalga oshirgan ishlarimizning yana bir muhim natijasini harbiy xizmatga yaroqli deb topilayotgan yigitlar soni 2000 yildagi 63,4 foizdan 2015 yilda 86,3 foizga yetgani, ularning bo‘yi shu davrda 5,9 santimetrga o‘sib, o‘rtacha 171,7 santimetrni, vazni esa 6,2 kilogrammga ortib, 67,8 kilogrammni tashkil etayotgani misolida ko‘rishimiz mumkin.

Barchamizga ayonki, sport bilan muntazam shug‘ullanish bolalarimiz, yoshlarimizning sog‘lom qarashlarini shakllantiradi va irodasini toblaydi, ularning mard va jasur insonlar bo‘lib kamol topishi, turli-tuman sinov va qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tishga qodir bo‘lishi uchun mustahkam zamin yaratadi. Eng muhimi, sport bilan do‘st bo‘lgan bolalar biz uchun mutlaqo begona va zararli oqimlarga qo‘shilib ketmaydi, dedi Islom Karimov.

Bugungi kunda shahar va qishloqlarimizda yangidan barpo etilgan zamonaviy futbol maydonlarida yoshlarimiz o‘zlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazmoqda. Bunday ishlar o‘z samarasini bermoqda. Hayotimiz o‘zgarmoqda, ongimiz, dunyoqarashimiz o‘zgarmoqda, o‘zimizga, o‘z sog‘lig‘imizga, kelajagimizga munosabatimiz o‘zgarmoqda va bu jarayonda boshqa ko‘pgina ijobiy omillar qatori avvalo sport katta ta'sir ko‘rsatmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: