Islom Karimov: O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport, san'at tarbiyasi, musiqiy tarbiyaga katta ahamiyat qaratilmoqda

O‘zbekiston 01:16 / 12.02.2016 11894

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov raisligida 11 fevral kuni Oqsaroyda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari Jamg‘arma tashkil etilganidan buyon, xususan, 2015 yilda amalga oshirilgan ishlar va ularning ahamiyati to‘g‘risida atroflicha fikr yuritdi. 

Jumladan, farzandlarni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda jismoniy tarbiya va sport bilan bir qatorda san'at tarbiyasi, musiqiy tarbiya ham beqiyos ahamiyatga egaligi, 2016 yil – "Sog‘lom ona va bola yili"da Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatida yangi bir bosqich bo‘lishi muqarrarligi ta'kidlab o‘tildi.

"Jismoniy tarbiya va sport odamning irodasini tarbiyalab, sog‘lig‘ini mustahkamlashga hissa qo‘shsa, musiqa san'ati uning ruhiga oziq beradi, qalbini, eng nozik tuyg‘ularini kamolga yetkazadi.

Musiqa eshitadigan, musiqa bilan shug‘ullanadigan odam yomonlikdan albatta uzoq bo‘ladi. Shuning uchun ham biz bolalar sporti obektlarini qurish bilan birga, bolalar musiqa va san'at maktablarini barpo etish masalasiga ham ustuvor vazifa sifatida alohida ahamiyat qaratib kelmoqdamiz.

Bu boradagi ishlarimizning dastlabki natijalarini mamlakatimizning qishloq tumanlari misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, e'tiborga molik katta ishlarni amalga oshirganimiz ayon bo‘ladi", dedi Islom Karimov.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi 157 qishloq tumanida 191 bolalar musiqa va san'at maktablari barpo etildi. Ba'zi hududlarda, misol uchun, Andijon viloyatining 14 tumanida 20 ta, Samarqand viloyatining 14 tumanida 19 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasining 14 tumanida 16 ta, Farg‘ona viloyatining 15 tumanida 16 ta musiqa va san'at maktablari qurilib, zamonaviy musiqa asboblari, yuksak malakali pedagoglar bilan ta'minlangani, boshqa viloyatlarimizda ham shunday ishlar olib borilayotgani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga loyiqdir.

"Ana shunday yoshlarga ega bo‘lgan, o‘z oldiga yuksak va ulug‘ maqsadlar qo‘yib yashayotgan xalqni o‘z yo‘lidan aslo to‘xtatib bo‘lmaydi, u o‘z maqsad-muddaolariga albatta erishadi", dedi Prezidentimiz.

Majlisda O‘zbekistonda 2016 yilga Sog‘lom ona va bola yili deb nom berilgani xalq tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanayotgani bu qaror el-yurtimizning ayni ko‘nglidagi muddao bo‘lganidan dalolat berishi ta'kidlab o‘tildi.

"Shu ma'noda, joriy yil o‘zining maqsad va vazifalari bilan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatida yangi bir bosqich bo‘lishi muqarrar, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Sport mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalashning eng muhim va kuchli omili bo‘lib kelmoqda va kelgusida ham shunday bo‘lib qolishi shubhasiz. Chunki, sport – bu avvalo sog‘lom avlod, sog‘lom kelajak degani. Binobarin, faqat sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi", dedi Islom Karimov.

"Sog‘lom avlodni voyaga yetkazishda jismoniy tarbiya va sportning rolini oshirish, bu boradagi mavjud moddiy-texnik baza va kadrlar salohiyatini jahon standartlari asosida yanada mustahkamlash, eng muhimi, sportga mehr har bir bola, har qaysi oila hayotiga chuqur kirib borishiga erishish eng muhim, doimiy vazifamiz bo‘lib qoladi", dedi o‘z so‘zining yakunida prezident.

Yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi va kelgusi 5 yil uchun mo‘ljallangan rejalar, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, Toshkent shahrida Oliy mahorat sport maktablari barpo etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Muhokama etilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri R.Azimov, Bosh vazir o‘rinbosari B.Zokirov, xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori E.Iskandarov, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat hokimlarining axboroti tinglandi.

Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: