"Katta olma" shahrining kichik orolchasi odamlar bilan doimo gavjum bo‘lgan Nyu-Yorkning Manhetten shaharchasida ishlaganim bois, turli-tuman voqea va hodisalarning tez-tez guvohiga aylanib turaman. Bugun ishxonamda bo‘lib o‘tgan ko‘ngilxiralikdan so‘ng uyga otlanar ekanman, tushkun kayfiyatdan bir oz o‘zimga kelib olish maqsadida ko‘chaning narigi tomonidagi mo‘'jazgina qahvaxonaga yo‘l oldim.
Qahvaxona doimgidek mijozlar bilan to‘la. Ko‘zim qahvaxonaning bir burchagida, 5-6 o‘spirin yonidagi bo‘sh o‘rindiqqa tushdi. O‘rindiqdan joy egallar ekanman yonimdagi yigit-qizlarning "bayramda nima qilamiz"degan so‘zlari qulog‘imga chalindi. Ha, 14-fevral AQShda "Avliyo Valentin kuni" keng nishonlanadi va bu hech kimga sir emas, deya ularga ko‘z qirida razm soldim. Ularning yuzidagi tabassum va bayram haqidagi suhbatidan ular ham ko‘plab mahalliy yoshlar singari aynan o‘sha bayram haqida so‘zlashayotganini payqab olish qiyin emas, deya o‘zimcha xulosa qildim.
Xayollar uzoqlarga olib ketibdi. Bir payt "o‘zbekistonlik...", "O‘zbekiston..." degan so‘zdan seskanib xiyol atrofga qaradim. Yonimdagilardan biri vatanim nomini yana bir bor tilga olganini bu safar aniq eshitib, o‘zim bilmagan holda suhbatga qo‘shildim.
- Kechirasiz, O‘zbekiston dedingizmi?
Ularning barchasi menga yalt etib qaradi.
- Ha! Siz o‘zbekistonlikmisiz?
Buni so‘ragan qotmadan kelgan, yuzidagi sepkillari o‘ziga yarashib turgan yoshi chamasi 16-18 atrofidagi ko‘zoynak taqib olgan qiz edi.
- Ha. Biror yordamim kerakmi?
- Boburni taniysizmi?, - deya shoshib so‘radi sepkilli qizga ham so‘z bermasdan uning yonidagi yigit.
- Qaysi Boburni?
Hech narsaga tushunmay so‘radim.
- Zahiriddin Muhammad Boburni-da-, dedi o‘ziga yarashgan bir talaffuz bilan.
- E, ha, Mirzo Boburnimi? Albatta, uni kim ham tanimaydi deysiz.
- Unda siz bizga Bobur haqida aytib bera olasizmi? Bizga ko‘proq ma'lumot kerak edi. Ayni damda do‘stlarim bilan internetdan Bobur haqida ma'lumot qidirayotgan edik. Sababi, ertaga kollejimizda katta bayram, "tarixlar kuni" va biz aynan Bobur va uninig tarixi haqida boshqa o‘quvchilarga ma'lumot bermoqchi edik.
- Mayli, unda sizlarga o‘zim bilganimcha qisqacha gapirib beraman. Ularga Mirzo Bobur haqida bilganlarimni gapirar ekanman, ular so‘zimga diqqat bilan quloq solishar va kerakli sanalar va ma'lumotlarni yozib olishar edi.
Ularga yurtimiz mustaqillikka erishgach, ajdodlarimiz tarixiga e'tibor kuchaygani, Bobur va boshqa bir qancha buyuk ajdodlarimizninig nomi aynan mustaqillik sharofati bilan qayta jonlangani, bugungi kunda yurtimizda Boburning tarixi maktab darsliklaridan o‘rin olganligi, ko‘chalarimiz, qishloqlarimiz, ko‘plab istirohat bog‘lari Bobur nomi bilan atalgani bejiz emasligi, undan tashqari bu yil yurtimizda o‘zbek mumtoz adabiyotining buyuk namoyondasi, shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 533 yilligi nishonlanayotgani haqida so‘zlab, kech tushib qolganini ham sezmay qolibman.
Shundan so‘ng, suhbatdoshlarimga yetarli ma'lumot berolmagan bo‘lsam uzr, deya ketishga shaylandim. Ulardan biri esdalik uchun suratga tushishni taklif qildi.
Suratimizni yigitlardan biri o‘zining Instagram sahifasiga joylar ekan, uning ostiga "Boburning Nabirasi bilan esdalik surat", deya izoh yozishni unutmadi.
Qahvaxonani tark etar ekanman, menda tushkun kayfiyatdan asar ham qolmagandi. Aksincha, ko‘ksimni zo‘r iftixor qoplagan edi. O‘z yurtini qo‘yib, Hind sori yuzlangan Mirzo bobomizning charxi kajraftor qarshisida yuzi qarolig‘ ermas, chehrasi nurafshonlik, yorug‘lik bilan to‘lganligini angladim. Men buyuk tarixga ega, kelajagi buyuk bo‘lgan o‘zbegimning farzandi ekanligimdan faxrlanib ketdim va okean ortida bo‘lishimga qaramasdan, aynan 14 fevral kunini buyuk ajdodimiznig tavallud ayyomini o‘zgacha bayram sifatida kutib olishga qaror qildim.
Shaxriyor Amonov,
AQSh, Manhetten