Aka-uka Sindorovlar shaxmat bo‘yicha chempionlikni qo‘lga kiritdi

Sport 14:42 / 12.02.2016 7705

Toshkentda shaxmat bo‘yicha 8 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati yakunlandi. Musobaqada ikki yuzga yaqin iqtidorli shaxmatchi g‘oliblik uchun bahslashdi.

To‘qqiz turdan iborat musobaqaning o‘n ikki yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslari poytaxtlik Javohir Sindorovning g‘alabasi bilan yakunlandi. U 9 ochko bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi. 6,5 ochkodan jamg‘argan Samandar Shermuhammadov ikkinchi, Mahmudbek Xolmurodov uchinchi o‘rinni egalladi.

Ushbu yosh toifasidagi qizlar bahsida poytaxtlik Yuliya Xegay to‘qqiz imkoniyatdan 7,5 ochko jamg‘arib, birinchi o‘rinni egalladi. Jizzaxlik Sevinchi Hotamova va poytaxtlik Samira Olimjonova 6,5 ochko bilan kuchli uchlikni yakunladi.

O‘n yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida qatnashgan Islombek Sindorov ham musobaqa davomida biron marta mag‘lubiyatga uchramadi. To‘qqiz imkoniyatdan yetti ochko jamg‘argan Islombek oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Yetti ochko jamg‘argan yana bir shaxmatchi Fayzullo Halimjonov qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha kumush medalga loyiq topilgan bo‘lsa, 6,5 ochko to‘plagan Shodiyor Shukuraliyev bronza medal bilan taqdirlandi.Qizlar bahsida sovrinli o‘rinlar poytaxtlik shaxmatchilarga nasib etdi. Maftuna Bobomurodova 7,5 ochko bilan birinchi, Mohinur Habibullayeva va Zuhra Mannopova 7 ochko bilan ikkinchi va uchinchi o‘rinni egalladi.

Sakkiz yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasida toshkentlik Humoyun Begmurodov to‘qqiz imkoniyatdan 7,5 ochko to‘plab, chempion bo‘ldi. Undan atigi yarim ochko kam jamg‘argan samarqandlik Akobirxon Saydaliyev kumush, toshkentlik Alixon Avazxonov 6,5 ochko bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi.

O‘zA fotomuxbiri Muhammad AMIN

Ko‘proq yangiliklar: