2015 yilda 1 ming 668 nafar o‘zbekistonlik yosh sportchi xalqaro musobaqalarda 983 ta medalni qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston 01:13 / 12.02.2016 3301

Prezidentimiz Islom Karimov raisligida 11 fevral kuni Oqsaroyda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari Jamg‘arma tashkil etilganidan buyon, xususan, 2015 yilda amalga oshirilgan ishlar va ularning ahamiyati to‘g‘risida atroflicha fikr yuritdi.

Hech kimga sir emas, sport salomatlikni mustahkamlash bilan birga, har qaysi mamlakat, har qaysi davlatni olamga mashhur qiladigan beqiyos vositadir. Xalqaro maydonlarda sportchilarimiz erishayotgan yutuqlar qalblarimizda g‘urur-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi, ona Vatanimizga bo‘lgan muhabbat hissini yanada yuksaltiradi.

Bizning qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz taraqqiyotida har tomonlama faxrlanishga arziydigan buyuk allomalar, noyob obidalar, yengilmas sarkardalar, pahlavon va bahodirlar juda ko‘p bo‘lgan. Bugun yoshlarimiz ana shunday ulug‘ ajdodlarimizning vorislari sifatida barcha jabhalarda, jumladan, sportda ham dunyo miqyosida eng yuksak shohsupalarga ko‘tarilib, xalqimizning g‘urur va iftixorini oshirmoqda.

O‘zingiz ayting, eski tuzum davrida jahon miqyosida o‘tadigan bironta musobaqada “o‘zbek”, “O‘zbekiston” degan nomlar bugungidek jaranglab, millionlab insonlar qalbida aks-sado berganini birov eshitganmi, Vatanimiz bayrog‘i shunchalar baland ko‘tarilganini ilgari birov ko‘rganmi, deb alohida ta'kidladi Yurtboshimiz.

Barchamizga mamnuniyat yetkazadigan tomoni shundaki, iste'dodli o‘g‘il-qizlarimiz xalqaro maydonlarda qo‘lga kiritayotgan katta g‘alabalari bilan O‘zbekiston yoshlarining hech kimdan kam emasligini takror va takror namoyon qilmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, birgina o‘tgan yili 1 ming 668 nafar sportchimiz, jumladan, 567 nafar qizimiz 165 ta xalqaro musobaqada ishtirok etib, 983 ta medalni qo‘lga kiritganini, yosh iqtidorli musiqachi va ijrochilarimiz nufuzli xalqaro tanlovlarda 137 ta sovrinli o‘ringa sazovor bo‘lganini va ularning 76 tasi Gran-pri va birinchi o‘rin ekanini aytish joiz.

Men mana shunday yuksak marralarni qo‘lga kiritayotgan bolalarimizni millionlab O‘zbekiston yoshlarining munosib vakillari, deb bilaman. Aynan ana shunday azmu shijoatli o‘g‘il-qizlarimiz o‘z yutuqlari bilan ming-minglab tengdoshlariga ibrat bo‘lmoqda, ularni ham katta maqsadlar yo‘lida ruhlantirmoqda, dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz sport jihozlari va kiyimlari ishlab chiqarishda ularning sifatli, qulay, xalqaro standartlarga mos bo‘lishi zarurligiga alohida e'tibor qaratdi. Shuningdek, sport anjomlarini ishlab chiqarish uchun litsenziya berishni yo‘lga qo‘yish, bu borada ham raqobat muhitini rivojlantirish kerakligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari qizlarni jismoniy tarbiya va sportga yanada keng jalb etish, suzish havzalarida ular uchun qulay sharoit yaratish, buning uchun xotin-qizlar qo‘mitalarining faolligini oshirish zarurligini alohida ta'kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: