O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi keyingi kunlarda O‘zbekistonda hukmronlik qilayotgan sovuq iqlim sharoiti va yog‘ingarchilik mamlakatning eng jazirama nuqtalaridan biri bo‘lmish Qizilqum sahrosini qor qoplaganiga e'tibor qaratdi. Qo‘mita saytiga "Jayron" ekomarkazi xodimi Anna Ten tomonidan tushirilgan surat joylashtirilgan.
Qizilqum sahrosi Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi 300 ming kv km maydonni egallagan bo‘lib asosiy qismi O‘zbekistonning Buxoro va Navoiy viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Turkmaniston va Qozog‘iston hududlarida ham ushbu cho‘lning chekka qismlari joylashgan.
Joriy haftada mintaqaga ilk marta sovuq havo oqimi kirib keldi va qor yog‘di. "O‘zgidromet" ma'lumotiga ko‘ra, hafta oxirigacha kechalari -5 dan -8 darajagacha sovuq harorat saqlanib qoladi. Kunduzgi harorat esa +2dan +6gacha bo‘lishi mumkin.