4 fevral kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Toshkent viloyatdagi mavjud 14 ta tumanning 7 tasida mahalliy byudjyet xarajatlari subventsiya, ya'ni, berilayotgan moliyaviy yordam hisobidan qoplanayotganiga e'tibor qaratildi. “Qo‘pol bo‘lsa ham aytishga majburmiz – bunday kayfiyatlar tobora surunkali tus olib, boqimandalikka aylanib borayotganiga qachongacha chidash mumkin, deb so‘rashning vaqti kelmadimi”, - dedi unda ishtirok etgan mamlakatimiz prezidenti Islom Karimov.
“Misol uchun, Bekobod tumanida mahalliy byudjyet umumiy xarajatlarining 44,1 foizi, Quyichirchiq tumanida 43,2 foizi, Oqqo‘rg‘on tumanida 42,2 foizi, Bo‘ka tumanida 42,1 foizi dotatsiya hisobidan qoplanayotganini qanday baholash mumkin?
Oqqo‘rg‘on, Bekobod, Bo‘ka, Quyichirchiq, Parkent, Yuqorichirchiq, Chinoz tumanlarida sanoat rivojiga, yangi ish o‘rinlarini yaratish masalasiga beparvolik bilan qaralayotgani va bu tumanlarning viloyat sanoatidagi ulushi 1 foizdan ham past bo‘lib qolayotganini izohlashning o‘zi qiyin”, - dedi Yurtboshimiz.