Ishdan ayrilish sizga bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli sodir bo‘lsa, albatta, juda yoqimsiz va og‘riqli holat. Bu odamni tushkunlikka tushirishi mumkin. Shu sababli har bir davlat bunday fuqarolarni yangi ishga joylashgunicha imkon qadar qo‘llab-quvvatlaydi. Qaysi davlat ishidan ayrilgan fuqarolarini maksimal darajada himoya qiladi? Ma'lumotlar shu haqida.
Shveytsariya
Ishsizlar uchun beriladigan pul miqdori o‘rtacha ish haqining 70 foiziga teng. Ishsizlar qaramog‘ida voyaga yetmagan bolalar bo‘lsa, uning miqdori 80 foizga yetishi mumkin. Bu degani oyiga 10500 frank. Ishsizlik nafaqasining berilish muddati ishdan bo‘shatilgandan boshlab, 200 kundan 520 kungacha.
Shvetsiya
Shvetsiyada ishsizlik nafaqasi Arbetslöshetsförsäkringen deyiladi va u mamlakatda mehnat faoliyatini olib borganlarga beriladi. Nafaqaning hisob-kitobi bilan A-kassa sug‘urta kompaniyasi shug‘ullanadi. Summani belgilashda ishidan ayrilgan odamning so‘ngi bir yildagi o‘ratacha oyligi inobatga olinadi.
O‘tgan yilning kuzida ishsizlik nafaqasining eng kam miqdori 320 kronadan 365 kronaga oshirildi. Oldindagi 200 kun uchun o‘rtacha daromadaning 80 foizini, keyingi kunlar uchun 70 foizini olish mumkin. Shu jihatdan aytilsa, dastlabki 100 kunlik uchun nafaqa miqdori kuniga 910 shved kronasi, oxirgi kunlarga borib esa 760 kronadan to‘g‘ri keladi. Shvetsiyada ishsizlik nafaqasi olishning maksimal muddati 300 kun, voyaga yetmagan farzandi borlar uchun 450 kunni tashkil etadi.
Daniya
Daniya ishsizlarga eng ko‘p nafaqa to‘lovchi mamlakat ekani bilan faxrlansa bo‘ladi. Bu yerda ishsizlarga oxirgi daromadning 90 foizi miqdorida to‘lanadi. Lekin qayd etish kerakki, nafaqa ishchilardan olingan ijtimoiy sug‘urta to‘lovlariga ham bog‘liq.
Mamlakatda ikki yil shu mazmundagi nafaqa berilsa, uning eng yuqori summasi oyiga 2 295 yevroni tashkil etadi. Bunday mablag‘ni olish uchun mamlakatda so‘ngi uch yil ichida kamida bir yil ishlagan bo‘lishi talab etiladi.