Rossiyaning Tula armatura-izolyator zavodi “Angren” erkin sanoat zonasi hududida elektr uskunalar ishlab chiqarish zavodini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘zbekenergo”aksiyadorlik jamiyati ma'umotlariga tayanib Gazeta.uz xabar bermoqda.
“O‘zbekenergo” AJ va Rossiya kompaniyasi o‘rtasida 28 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan IX Xalqaro sanoat yarmarkasi chog‘ida Angrenda izolyatorlar va armatura ishlab chiqaruvchi “Armatura-izolyator zavodi” MChJ qo‘shma korxonasini ochish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan edi.
Mazkur korxona yiliga 21 mingta izolyator va 255 ming dona o‘tkazgich armatura ishlab chiqarish quvvatiga ega.
2016-2020 yillarda Toshkent viloyatidagi “Angren” erkin sanoat zonasida 2 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalar asosida 52 turdagi ishlab chiqarishni rejalashtirilmoqda. Ular orasida eng yirik loyiha uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash asosida tashkil qilinadigan polimer ishlab chiqarish bo‘ladi. 700 mln dollarlik loyihada “O‘zbekneftgaz” MXK ham ishtirok etadi.