AQSh Liviyadagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatmoqda, biroq o‘zining bu hududda rolini kengaytirish borasida bir qarorga kelmadi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
Bu haqda Pentagon rahbari Eshton Karter Nevadadagi aviabazaga tashrifi davomida aytib o‘tdi.
Karter AQSh Liviyadagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilishga e'tibor qaratayotganini ta'kidladi. AQSh Liviyada bir-biri bilan urushayotgan tomonlar yagona hukumat tashkil qilishini kutmoqda.
Avvalroq OAVda AQSh va Buyuk Britaniya Liviyani terrorchilar bilan kurashish uchun ming askarni qabul qilishiga ko‘ndirishni rejalashtirayotganlari ma'lum qilingandi.
Bu xabar paydo bo‘lgan kunning ertasiga Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Filip Xammond Britaniya hukumati Liviyaga o‘z qo‘shinlarini yuborishni rejalashtirmayotgani, biroq Liviyaning yangi hukumatiga strategik va razvedka ko‘magini ko‘rsatishini aytdi.