3 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Komissiya raisi M.Abdusalomov boshqardi.
"Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining normativ-huquqiy hujjatlarini 2015 yil 29 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kirtish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiqlashtirish haqidagi masala muhokama qilindi.
Shuningdek, Komissiya a'zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati R.Matkurbanovning vakolatini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqishdi", deyiladi MSK matbuot xizmati xabarida.
Xabarda aytilishicha, Rashid Matkurbanovning bergan arizasiga asosan, komissiya uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati vakolatini muddatidan avval tugatish haqida qaror qabul qilgan.
Ma'lumot uchun, 1977 yilda tug‘ilgan Rashid Matkurbanov 6-Chimboy saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan edi. Mutaxassisligi bo‘yicha huquqshunos hisoblangan Rashid Matkurbanov palataning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zosi hisolanar edi.