Xabaringiz bor, kecha, 4 fevral kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.
Yurtboshimiz ko‘pgina soha va tarmoqlarda, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida olib borilayotgan ishlar qoniqarli emasligini tanqid qilar ekan, buning tasdig‘i sifatida Toshkent viloyatida yetishtirilayotgan meva-sabzavotning faqatgina 24 foizi, go‘shtning 27 foizi, sutning esa 20 foizi qayta ishlanayotganini misol qilib o‘tdi.
“Eng achinarlisi, meva-sabzavot mahsulotlarining 46 foizi, go‘sht mahsulotlarining 39 foizi, sut mahsulotlarining 18 foizi birlamchi qayta ishlash darajasida sotilayotgani tufayli katta miqdorda qo‘shimcha daromad olish imkoniyatini boy bermoqdamiz, - dedi Islom Karimov. - Holbuki, yarim fabrikat holida sotiladigan mana shu mahsulotlarni qo‘shimcha qayta ishlash hisobidan oladigan daromadlarimizni 2-3 karra ko‘paytirish imkoniyati mavjud.
Buning uchun nima kerak? Avvalo, taraqqiy topgan davlatlardan eng zamonaviy texnologiyalarni olib kelib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, chiqarayotgan tayyor mahsulotlarimizning sifati va raqobatdoshligini oshirish kerak. Bularning barchasi bugungi kunda eng muhim va dolzarb vazifalarimiz qatoridan o‘rin olishi zarur”.
Majlisda bu masala bo‘yicha quyidagi vazifalarga alohida e'tibor qaratildi.
“Takror aytishga to‘g‘ri keladi: ayni mana shunday katta imkoniyatlarni ishga solish, eksportni, valyuta hajmini ko‘paytirish, buning uchun birinchi navbatda tashabbus va yana bir bor tashabbus ko‘rsatishimiz, tadbirkorlik va izlanuvchanlik bilan yashashimiz shart, dedi Yurtboshimiz. Bu masala avvalo barcha rahbar va mutasaddilarga daxldor ekanini yaxshi anglab olishimiz darkor.
Chindan ham, bugungi kunda jahon bozorlarida raqobat tobora kuchayib, shafqatsiz tus olayotgan bir paytda faqat g‘alla va paxta hisobidan rivojlanib bo‘lmaydi va bunday kaltabinlik bilan, uzoqni ko‘rmasdan yashashga bizning mutlaqo haqqimiz yo‘q.
Faqat xomashyo ishlab chiqarish va uni bozorda suvtekin narxda boshqalarga sotish bilan yuradigan bo‘lsak, o‘zgalar esa bu xomashyoni qayta ishlash hisobidan uning yog‘ini, qaymog‘ini oladigan bo‘lsa, bunday yo‘l faqatgina mustamlakaga aylangan davlatlarning qismati bo‘lganini yaxshi bilamiz.
Biz ham bir vaqtlar shunday taqdirni boshimizdan kechirganimiz, faqat paxta xomashyosi yetishtirishni, ya'ni, eng og‘ir mehnatni bizning bo‘ynimizga yuklab, paxtadan olinadigan tayyor mahsulotning foydasini esa boshqalar ko‘rganini esingizga solishni o‘rinli, deb bilaman, dedi Islom Karimov.
Eski tuzumdan qolgan bunday og‘ir muammolarni hal qilishning yo‘li bitta: “olma pish, og‘zimga tush” degan qarashlardan butunlay voz kechishimiz zarur. Buni zamonning o‘zi bugun bizga uqtiryapti. Sodda qilib aytganda, dunyoqarashimizni, ishga, hayotga munosabatimizni tubdan o‘zgartirishimiz lozim.
Bugungi kunda O‘zbekistonimizni dunyodagi rivojlangan, erkin va farovon yashayotgan davlatlar qatoriga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlarga egamiz. Yurtimiz qanday rang-barang boyliklarga ega bo‘lsa – bu mineral xomashyolar bo‘ladimi, tabiiy resurslar bo‘ladimi, iqtisodiy va insoniy salohiyat bo‘ladimi – bularning hammasi Toshkent viloyatida mujassam ekanini yaqqol ko‘rish mumkin. Bu zamin shunday bebaho boyliklarga egaki, ba'zan o‘zimiz ham buning qadriga yetmay qolyapmiz, desak, bu ham haqiqatdan uzoq gap emas, dedi Prezidentimiz.