Fransiya supermarketlarga ovqatlarni tashlab yuborishni taqiqlagan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi, deya xabar bermoqda iTele telekanali.
Xabarlarga ko‘ra, fransuz senati bir ovozdan ushbu tartibni ko‘zda tutgan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. 5 fevraldan boshlab yaqin orada yaroqlilik muddati o‘tib ketadigan oziq-ovqat mahsulotlarini tashlab yuborish taqiqlanadi. Buning o‘rniga ular ehtiyojmandlarga taom ulashadigan insonparvarlik tashkilotlariga topshiriladi.
Qonunda oziq-ovqat mahsulotlarini yo‘q qilishga harakat qilgan supermarketlar uchun jazo choralari ham keltirib o‘tilgan. Ko‘plab do‘konlar esa omborxonalar atrofida yig‘ilib, ularning tashlanishini kutadigan ishsiz va uysizlarga bermaslik maqsadida mahsulotlarni ongli ravishda yo‘q qilib kelayotgan edi.
Mazkur qonunning qabul qilinishiga erishgan faollar xuddi shunday choralar Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlarida ham joriy etilishiga umid bildirishmoqda.