Kataloniyaning «Barselona» klubi Ispaniya Kubogi final uchrashuvini azaliy raqibi hisoblanmish Madridning «Real» klubi uy stadioni «Santyago Bernabeu»da o‘tkazilishini istamoqda. Bu haqda AS nashri xabar tarqatdi.
«Barselona» Ispaniya kubogi doirasidagi yarim finalning dastlabki uchrashuvida «Valensiya» ustidan 7:0 hisobida g‘alaba qozongach, amalda javob uchrashuvi oldidan final yo‘llanmasini naqd qilib bo‘ldi. Shuningdek, ikkinchi finalchi nomi ham deyarli ma'lum: «Sevilya» «Selta»ga qarshi dastlabki uchrashuvda yirik (4:0) hisobda g‘alaba qozondi.
«Barselona» klubi neytral maydon sifatida sig‘imi kattaroq bo‘lgan «Santyago Bernabeu»da o‘ynashni ma'qul ko‘rayotgani aytilgan. «Real» rahbariyati esa bunga qarshilik ko‘rsatishi kutilmoqda.
Ispaniya futbol federatsiyasi ixtiyorida zaxira stadionlari sifatida «Visente Kalderon» va «Mestalya» variantlari bor.