4 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining haj delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Haj vaziri Bandar Hajjor bilan uchrashdi. Bu haqda O‘MI Matbuot xizmati xabar bergan.
Uchrashuvda o‘tgan yilgi haj mavsumi natijalari va kelasi haj mavsumidagi o‘zaro vazifalar belgilab olindi.
Doktor Bandar Hajjor O‘zbekiston hojilariga safar oldidan vatanlarida haj ibodatlari va tashkiliy masalalar bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tilishi, guruh rahbarlari, ishchi guruhi va tibbiyot xodimlari haj mavsumini chiroyli o‘tishiga sabab bo‘layotganini bildirdi. Buning uchun O‘zbekiston delegatsiyasiga tashakkur izhor qildi. Doktor Bandar Hajjor o‘zbekistonlik hojilarning yer yuzidan keladigan hojilar ichida namunali ziyoratchilardan ekanligini ta'kidladi.
Kelasi haj mavsumiga tomonlar O‘zbekiston hojilariga ko‘rsatiladigan xizmatlarni bundanda chiroyli va namunali bo‘lishiga ko‘riladigan choralarni belgilab olishdi.
O‘zbekiston tomonidan uchrashuvda shuningdek, Haj va umra ishlari bo‘yicha attashe Zafar Abdullayev xamda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Saudiya Arabistonidagi vakili Muxtor Hayitov ishtirok etdi.
Saudiya tomonidan uchrashuvda Haj vazirligi boshqarma boshliqlari, Tashqi va ichki ishlar vazirliklari vakillari ishtirok etishdi.
Kelasi mavsumda O‘zbekistondan 5200 kishi haj ibodatini ado etishlariga kelishib olindi.