Nukus tibbiyot kollejida bo‘lib o‘tgan tadbir buyuk mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlandi.
O‘zA xabarida keltirilishicha, “She'riyat mulkining sultoni” deb nomlangan adabiy kechada yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar Alisher Navoiy asarlarining qoraqalpoq adabiyotiga ta'siri, shoir qoldirgan boy adabiy merosning bugungi yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Kollej o‘quvchilari shoir g‘azallari va ruboiylaridan o‘qidi, dostonlaridan sahna ko‘rinishlari namoyish etdi.
– Kollejimizda Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan insho va tasviriy san'at tanlovlari o‘tkazildi, – deydi Nukus tibbiyot kollejining o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi Rayhon Madaminova. – Bunda iqtidorli bolalar buyuk shoir asarlaridan olgan taassurotlarini so‘zlab berdi.
Tadbir Navoiy she'riyatiga bag‘ishlangan mushoira bilan davom etdi. Adabiy kecha yakunida insho va tasviriy san'at tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.