Argentina birinchi navbatda jahonga buyuk futbolchilar Diyego Maradona va Lionel Messini, shuningdek, 2009 yili YuNeSKOning nomoddiy madaniy meros obektlari sirasiga kiritilgan juftlik raqslarini tuhfa etgani bilan mashhurdir. Lekin ushbu mamlakat boshqa ajoyibotlar va o‘ziga xosliklarga ham egadir. Quyidagi maqolada Argentina haqida turistlar bilishi lozim bo‘lgan asosiy faktlar keltiriladi.
Argentinada yoz bizning qishki oylarimizga to‘g‘ri keladi: yanvar odatda issiq keladi. Ayni Argentinaga sayohat qilish pallasi!
2002 yildan Buenos-Ayresda, 2010 yildan butun Argentinada bir jinsli nikohlarni qayd qilishga ruxsat berilgan.
Argentina tarixida ikki marta ayol prezident bo‘lgan – Isabel Peron (1974-1976) va Kristina Kirshner (2007-2015).
Argentinaliklar juda ko‘p go‘sht yeyishadi. 2015 yili jon boshiga 41.8 kg mol go‘shti to‘g‘ri kelgan.
Argentina politsiyasi birinchi bo‘lib shaxsni tasdiqlashda daktiloskopiyadan foydalana boshlagan. 1891 yili Xuan Vuchetich barmoq izlarini tasniflashning o‘n barmoqli tizimin ishlab chiqdi, shundan so‘ng jahon kriminalistikasida daktiloskopiya amaliyoti keng tarqaldi.
Argentina sayyohlar orasida ko‘proq quyoshli yurt sifatida mashhur, ammo mamlakat janubida ulkan Perito-Moreno muzligi joylashgandir. U 250 kv km maydonni egallagan bo‘lib, jahondagi uchinchi eng yirik ichimlik suvi zaxirasi hisoblanadi.
Argentina tog‘larida yashaydigan And kondorining qanot yozish kengligi 310 sm ni tashkil qiladi. Bu G‘arbiy yarim shardagi eng yirik uchuvchi qushdir.
Argentinada eng yirik dinozavrlardan birining qoldiqlari topilgan. U fanda Argentinosaurus deb ataladi.
Boy tabiati tufayli YuNeSKOning butunjahon nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Valdes yarim oroliga turistlar iyundan dekabrga qadar qatnaydi.
Bu yerga dengiz fillari, tyulenlar va janubiy kitlar keladi. Ularni katerda yoki qirg‘oqda turib kuzatish mumkin.
Nihoyat, Argentinada plastik jarrohlik ancha arzon turadi. Bu maqsadda mamlakatga ko‘plab chet elliklar keladi.
Eldor Asanov tayyorladi