Rossiyadagi Tyumen shahri sudi O‘zbekiston fuqarolari – 39 yoshli Olimjon Madaminov va 33 yoshli Xushnudbek Jo‘rayevlarning ishini ko‘rib chiqib, ularni 15 va 16 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi. Bu haqda Tyumen tuman prokuraturasi rasmiy sayti orqali xabar qilindi.
Jinoiy ish materiallarida aytilishicha, 2015 yil mayida Madaminov poyezdda 59 yoshli ostonalik ayol bilan tanishgan. Ayol Qozog‘iston fuqarosi bo‘lib, Ostonadan Petropavlovskka ketayotgan edi. Suhbat asnosida ayol biologik faol qo‘shimchalar tarqatish bilan shug‘ullanishini va yaxshi pul topishini aytgan, erkakka o‘z raqamini bergan.
Tyumenda Madaminov tanishi Jo‘rayevning uyida yashay boshlagan, ammo ish topa olmagan. Shunda boyvachcha ayolni eslab qolgan. 11 iyun kuni ayol Madaminovning taklifi bilan Tyumenga kelgan. U yerda uni kutib olgan do‘stlar pichoq bilan qo‘rqitib, zeb-ziynat pullarini, 6 ming rubl va 17 ming tanga pulini o‘g‘irlashgan. So‘ng ayolni bog‘lab qo‘yib, ozodligi uchun 1.5 mln rubl talab qilishgan. Madaminov sherigiga bu pulning 500 mingini va'da qilgan.
Ayol qarindoshlari 700 ming rubl to‘plab bera olishini aytgan. 11 iyun kuni ayol yolg‘on bahona bilan qiziga qo‘ng‘iroq qilib, pul so‘ragan. Ammo uning huquqshunos bo‘lgan qizi bir narsani payqab, Tyumen ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan. 12 iyun kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari asira tutib turilgan xonadonni topib, uni ozod qilishgan.